Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2022-yilda Oʻzbekiston hududlarida xizmatlar sohasining rivojlanishi oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlar 2022-yilda xizmatlar sohasining jadal surʼatlarda rivojlanganligini koʻrsatdi. Sohadagi oʻsish 2021-yildagiga nisbatan 15,9 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich asosan aloqa va axborotlashtirish, taʼlim, yashash va ovqatlanish, koʻchmas mulk, ijara, transport hamda moliyaviy xizmatlar kabi yoʻnalishlardagi sezilarli oʻsish (112-129,5 foiz) hisobiga taʼminlandi.
Aholining real daromadlari yuqori boʻlgan Toshkent shahri bilan bir qatorda, Namangan, Buxoro, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham xizmatlar sohasida yuqori oʻsishga erishildi. Butun mamlakatdagi kabi bu hududlarda ham asosan moliyaviy xizmatlar hamda aloqa va axborotlashtirish xizmatlariga talab yuqori boʻldi.
Andijon va Sirdaryo viloyatlarida xizmat koʻrsatish sohasidagi oʻrtacha oʻsishi surʼati (112,5-113 foiz) biroz pasaydi. Bunga mazkur hududlarda xizmat koʻrsatish sohasining asosiy yoʻnalishi boʻlgan savdo va transport xizmatlarining (jami xizmatlar hajmidagi ulushi mos ravishda 50,6 va 38,2 foiz) oʻsishidagi sekinlashish sabab boʻldi.
Mamlakat hududlarida xizmatlar sohasida qanday tarkibiy oʻzgarishlar roʻy berdi?
Birinchidan, 10 ta hududda YAHM tarkibida xizmatlar sohasining ulushi ortishi taʼminlandi (YAIM tarkibidagi ulushi 2021-yildagi 39,6 foizdan 2022-yilda 41,5 foizga ortdi). Maʼlumot uchun: Rossiya Federatsiyasida YAIM tarkibida xizmatlarning ulushi 68, Qozogʻistonda 64, Belarusda 59, Janubiy Koreyada 60 va rivojlangan davlatlarda 74 foizdan yuqori. Hududlararo tafovutlarni (Toshkent shahrini hisobga olmaganda) 2 barobardan 1,9 barobargacha qisqartirishga erishildi. Aksariyat hududlarning (8 ta hudud) respublika boʻyicha xizmatlar hajmidagi ulushi (Toshkent shahrini hisobga olmaganda) ortdi.
Hududlarda xizmatlar sohasining rivojlanish darajasi qanday?
Mamlakatning koʻpgina hududlarida (7 ta hudud) aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan xizmatlar hajmi 5-6 million soʻm oraligʻida boʻlib, Navoiy, Toshkent va Buxoro viloyatlarida bu koʻrsatkich 7,9-10 million soʻmni tashkil etdi. Toshkent shahri 47,2 million soʻmlik koʻrsatkich bilan bu yoʻnalishda ham yetakchi mavqega ega.
Umuman olganda, xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar bir tomondan, bandlikni, shu jumladan, oʻz-oʻzini band qilish va aholi daromadlarini oshirishning asosiy omili hisoblansa, boshqa tomondan, hududlar iqtisodiy rivojlanishining potensial drayveri boʻlib xizmat qiladi.