Maʼlumki, xizmat koʻrsatish sohasi keng qamrovliligi bilan aholi hayotida muhim oʻrin tutadi. Eng asosiysi, bu sohada yangi ish oʻrinlarini kam xarajat bilan tez muddatda tashkil etish mumkin. Aholi daromadlarining real oʻsishi esa, avvalo, xizmatlar rivojida seziladi. Qayd etish kerakki, xizmatlar sohasida ijobiy tajribalar shakillangan hududlar ham, qoniqarsiz natijalar qayd etilayotgan hududlar ham mavjud.

Bu yil xizmatlar koʻrsatish sohasida tub burilish yili boʻlishiga zamin yaratadigan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Dastlabki rejalarga koʻra, mazkur sohada 59 trillion soʻmlik 42 mingta yangi loyiha amalga oshiriladi. Agar belgilanggan bu vazifalar toʻla amalga oshiriladigan boʻlsa, xizmat koʻrsatish sohasida sezilarli rivojlanish boʻladi.

Yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali xizmatlar sonini ham, hajmini ham bir necha barobarga oshirish imkoni mavjud. Joriy yilda sohadagi marra katta olingan. Xususan, yil soʻnggigacha xizmatlar sohasida 150 mingta yangi ish oʻrinlar yaratish belgilangan.

Taʼkidlash joizki, oʻtgan yili tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat koʻrsatish sohasiga bir trillion soʻm imtiyozli kreditlar berildi. Lekin, joylarda tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha murojaatlar, tashabbuslar koʻp boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida hududlarda xizmat koʻrsatish sohasi yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida, Prezidentimiz har bir loyiha ijrosini nazoratga olib, tadbirkorlarga koʻmaklashish, shu bilan birga, yangi loyihalarni shakllantirib borish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

– Maʼlumki, pandemiya sharoitida eng koʻp zarar koʻrgan sohalardan biri bu – xizmat koʻrsatish sohasi boʻldi. Lekin, davlatimiz tomonidan berilgan qariyib 35 trillionlik soʻmlik mablagʻ xizmat koʻrsatish sohasini ogʻir sharoitdan chiqib olishida muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada 102 foiz oʻsishga erishildi, – deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari Saidqahhor Xolxoʻjayev. – Joriy yilda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, quyi xizmat koʻrsatish sohalarini har bir hudud boʻyicha kamida ikki barobarga oshirish koʻzda tutilmoqda. Jumladan, bu yil xizmatlar koʻrsatish hajmini 270 trillion soʻmdan oshirish belgilandi.

Bunda birinchi navbatda, har bir tumanda, har bir mahallada aholi uchun muhim va ayni kunda zarur boʻlgan xizmatlar turlariga boʻlgan ehtiyojni aniqlagan holda ruyxatni shakillantirish zarur. Hozirgi kunda oʻrta hisobda bitta mahallada ehtiyojdan kelib chiqib 20 turdagi faoliyatni, shahar va tuman markazlarida esa 70 ga yaqin xizmat turlarini amalga oshirish mumkin. Shuning uchun bu yil 42 mingta yangi loyiha amalga oshiriladi va 150 mingta ish oʻrinlarini yaratish koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat tomonidan tijorat banklari orqali qoʻshimcha 300 million dollar mablagʻ xizmatlar koʻrsatish sohasini rivojlantiirishga yoʻnaltiriladi. Shu bilan birga tijorat banklari ham bu sohaga oʻz mablagʻlarini yoʻnaltirilishi belgilandi. Xususan, bu yilgi reja boʻyicha kamida 18 trillion soʻmlik bank kreditlari ajratilishi koʻzda tutilmoqda. Sohaga qaratilgan bunday eʼtibor tez fursatlarda oʻz samarasini beradi va davlatimiz rahbari tomonidan vazirlik va hokimliklar oldiga qoʻyilgan topshiriqlar toʻliq amalga oshishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga mazkur markazlar “mahallabay”, “tumanbay”, “”viloyatbay” xizmatlarga boʻlgan talablarni oʻrganib chiqadi va har bir tuman kesimida xizmatlar sonini uch-toʻrt barobarga oshirishga moʻljallangan loyihalarni shakillantiradi. Topshiriqqa koʻra mazkur loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha 300 million dollar mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, viloyat, tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, mahallaga biriktirilgan masʼullar bilan birga “mahalla — tuman — bank” prinsipi asosida loyihalar roʻyxatini shakllantiradi. Bunda, har bir mahallada kamida 20 turdagi, tuman va shaharda kamida 70 ta turdagi xizmatlar boʻlishi nazarda tutiladi. “Milliy bank” AJ tomonidan 28 ta yirik va oʻrta shaharlarda turizm, transport, tibbiyot, taʼlim xizmatlari hamda yirik savdo komplekslari tashkil etish uchun qoʻshimcha 200 million dollar mablagʻ jalb qilinadi.

Buning uchun yurtimizda juda katta imkoniyat bor. Xususan, yangi loyihalar evaziga Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida xizmatlar hajmi bir barobarga ortadi. Shahardagi xizmatlar bozori hajmini 1,4 trillion soʻmdan, 3 trillion soʻmga yetkazish koʻzda tutilgan.

– Joriy yildagi rejamiz bir trillion 600 milliard etib belgilangan edi, – deydi Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov. – Davlatimiz rahbarining Chirchiq shahriga tashrifidan soʻng, Prezidentimiz tomonidan qator topshiriqlar berildi. Shuning uchun bu rejani ikki barobarga oshirish belgilandi. Buning uchun shaharda barcha imkoniyat bor. Masalan, 102 gektarli foydalanilmay boʻsh yotgan bogʻ mavjud. Chet ellik investorlar taklif etildi. Natijada hozir bu yerda mehmonxona, madaniy-maishiy obyektlar qurish boʻyicha choralar koʻrilmoqda. Bundan tashqari, transport logistika sohasini rivojlantirish orqali ham xizmatlar koʻrsatish sohasida yaxshi natijaga erishish maqsad qilingan. Ana shu maqsadda hududdagi boʻsh yotgan qarovsiz maydon tadbirkorga briktirilib hozirda bu yerda logistika markazi bunyod etishga kirishildi.

Shuningdek, Shahrisabz tumanida ham joriy yilda 91 milliard soʻmlik 64 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.

– Biroq bu hudud solihiyatidan kelib chiqib qaraladigan boʻlsa ancha past, – deydi Shahrisabz shahri hokimi Samad Hasanov. – Bunga “mahallabay” tarzda oʻrganish jarayonlarida amin boʻldik. Jumladan, birgina “Termiz –Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha yoʻl yoqasidagi infratuzilmani rivojlantirish orqali 128 milliard soʻmlik 60 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga togʻli hududdagi “Miraki” qishlogʻidagi aholiga, bugun turizm boʻyicha davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar tushuntirilganda, 100dan ortiq xonadon mehmon uylari tashkil etish boʻyicha murojaatlar bilan chiqdi. Ayni paytda ushbu hududda 300 ga yaqin mehmon uylari tashkil etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina ana shu xizmatlar bilan ming nafarga yaqin fuqaroni ish bilan taʼminlash, hisob kitoblarga qaraganda tuman byudjetiga 3 milliardga yaqin soliq tushumlari tushar ekan.

Xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi

Taʼkidlash joizki, har bir hududning oʻziga xos xususiyati xizmatlar koʻrsatish sohasini yana-da jozibali qiladi. Eng asosiysi, endilikda ularning oʻziga xosligidan kelib chiqib yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalar va namunaviy loyihalarni joriy etish boʻyicha yangi metodologiya yaratiladi. Ana shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy banki huzurida xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha-tahliliy markazi tashkil etiladi va barcha viloyatlardagi filiallarida uning boʻlimlari ochiladi. Ularda aholiga namunaviy tayyor biznes loyihalari taqdim etiladi, kasbga oʻqitishdan biznesni yoʻlga qoʻyishgacha boʻlgan kompleks xizmatlar koʻrsatiladi.

– Xizmatlar sohasini yana-da rivojlantirish uchun infrasturuktura obyektlaridan yana-da samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining oʻrinbosari Umid Obidxoʻjayev. – Yaʼni aeroport, temir yoʻl va avtovokzallar soha rivojida muhim oʻrin tutadi. Agar jahon tajribasini olib qaraydigan boʻlsak, masalan, Yaponiyada asosiy pul oqimi yoʻlovchilarning yoʻlkirasi hisobiga emas, balki, ularga servis xizmat koʻrsatish orqali keladi. Shuning uchun bizda ham ana shu manzillarda mehmonxona, maishiy obyektlar, ovqatlanish shahobchalari, sport inshootlari kabi servis xizmatini koʻpaytirish zarur. Bu esa oʻz navbatida yurtimizga turizmni rivojlantirishda ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shuningdek, xizmatlar koʻrsatish sohasidagi xodimlarni oʻqitish, malakasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratish zarur. Belgilanganidek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kollejlarda va boshqa mano markazlarda sohada faoliyat olib boradigan ishchi-xizmatchilarni qayta oʻqitish, tayyorlash boʻyicha ishlari tezroq yoʻlga quyish kerak.

– Xizmatlar koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha viloyatimizga 160 milliard soʻm ajratildi, – deydi Samarqand viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Jamshid Oʻroqov. – Ayni paytda sohani rivojlantirish boʻyicha 3 mingga yaqin loyiha bor. Viloyat ichki xususiyatidan kelib chiqib, katta magistral yoʻllar boʻyida infratuzilmani yaxshilash maqsadida goʻzallik saloni, savdo doʻkonlari, dorixonalar, maishiy texnikalarni, avtomobillarni taʼmirlash va yuvish, internet va paynet xizmatlari va ovqatlanish shaxobchalari qurish boʻyicha qator loyihalarni moliyalashtiryapmiz. Ana shu maqsadda barcha tuman va shaharlar salohiyatini oʻrganish maqsadida ishchi guruh tuzilib oʻrganishlar olib borilmoqda. Masalan, Tayloq tumanida 50 ta mahalla bor. Oʻrganishlar jarayonida 21 turdagi xizmat koʻrsatish turi boʻyicha bu mahallalarda mingdan ortiq xizmat koʻrsatish shahobchalari yaratish imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Yaʼni, birgina Tayloq tumanida ayni paytda 356 ta loyihani amalga oshirish natijasida aholi jon boshiga xizmat koʻrsatish hajmini 3 million soʻmdan 4,5 million soʻmgacha oshirish imkoniyati mavjud.

Bir soʻz bilan aytganda, hududlarda xizmat koʻrsatish sohasini yana-da rivojlantirishdan asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish orqali aholi bandligini taʼminlashdir. Natijada tadbirkorlar daromad oladi, aholi ish bilan taʼminlanadi.