Insonni ulugʻlamay, huquq va manfaatlari ustuvorligini taʼminlamay, yuksak taraqqiyotga erishib boʻlmaydi. Inson tabiat gultoji boʻlsa, xalq davlatning yagona manbaidir. Bogʻ yaratish, ekin ekib moʻl hosil olish, xizmat koʻrsatish, mahsulot ishlab chiqarish, ilm oʻrganish, yurtni rivojlantirish – bularning barchasi inson aql-tafakkuri, ishtiyoqi bilan amalga oshiriladi. Ishtiyoq, intilish uchun, avvalo, eʼtibor lozim boʻladi. Eʼtiborga sazovor insonning qoʻlidan koʻp ulugʻ ishlar keladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda insonga eʼtibor masalasi ustuvor vazifa, davlat xizmatchilarining burchi sifatida qoʻyilayotgani zamirida chuqur maʼno bor.
Shu oʻrinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadri eng oliy qadriyat sifatida belgilanayotganini, ijtimoiy holati va mavqeidan qatʼi nazar, fuqarolarga huquqlar va imkoniyatlar tengligi kafolatlanayotgani milliy davlatchiligimizni mustahkamlash juda katta ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda tasdiqlagan Taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim” yilida amalga oshirishga moʻljallangan davlat dasturida ham inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmati tamoyili eng markazda turibdi. Odamlarning ogʻirini yengil, mushkulini oson qilishni nazarda tutgan maqsad-rejalar bisyor. Shularning ayrimlari haqida fikrlashamiz.
Xalqimiz salomatligi uchun
Betob odamning koʻziga dunyo tor koʻrinadi, u na oʻzi, na yurti uchun biror ish qilishni emas, faqat tuzalishni, sogʻayib ketishni istaydi. Davlatning oʻz fuqarolari oldidagi muhim vazifalaridan biri tibbiyot, yaʼni sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish, zamonga mos texnologiyalar bilan taʼminlashdir. Ana shunda aholi sogʻlom boʻlib, yurt rivojiga hissa qoʻshadi.
Joriy yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida ham aholi uchun kafolatlangan ijtimoiy yordamni taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish nazarda tutildi.
Unga koʻra:
– reabilitatsiya markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish koʻlamini 5 baravar oshirish;
– nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida nogironligi boʻlgan shaxslarni ambulator sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tartibi loyihasini ishlab chiqish;
– ambulator sharoitda bepul tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini 2023 – 2026-yillarda joriy etish belgilandi. Mazkur rejalar aholining salomatligi va xotirjamligini taʼminlash hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning oʻzini qulay his etishi uchun sharoitlar yaratishni oʻzida ifoda etgan.
Yildan yilga atrof-muhitda inson salomatligi uchun zararli boʻlgan moddalar hajmi ortib bormoqda. Bunga, albatta, avtomobillardan, zavod-fabrikalardan chiqayotgan zararli tutun va gazlar sabab. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hamda tayyorlashda zararli kimyoviy moddalar haddan ortiq ishlatilayotgani ham odamlar salomatligida koʻplab muammolar yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Bunda insonlar salomatligini asrash, ularga birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatlarini koʻrsatish muhim ahamiyatga egadir.
Davlat dasturida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatida aholiga malakali xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, sohaga ajratiladigan mablagʻni oshirish belgilandi. Unga binoan, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish maqsadida 18-40 yoshli 12,6 million aholini profilaktik koʻrikdan, 40 yosh va undan katta yoshdagi, surunkali kasalligi boʻlmagan 6,3 million aholini yurak qon-tomir kasalligi va qandli diabet boʻyicha skrining tekshiruvlardan, maktabgacha taʼlim muassasalari va oʻrta maktablarning 9 million tarbilanuvchisi va oʻquvchisini tibbiy koʻrikdan, onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash maqsadida yiliga 3 million aholini skriningdan oʻtkazish koʻzda tutildi.
Respublika boʻyicha 6–23 oylik boʻlgan jami 1,2 million bolani mikronutriyent kukuni, 2–10 yoshdagi jami 6,3 million bolani gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar, homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3–15 yoshdagi 8,5 million bolani yod preparati, 5,9 million 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayolni polivitamin, temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlash qayd etildi.
Aholining katta qismi viloyat va tumanlar markazlaridan uzoq hududlarda istiqomat qiladi. Ularning ham tibbiy ehtiyojlarini taʼminlash, doimiy tibbiy koʻriklardan oʻtkazib turish muhim vazifa hisoblanadi. Shu bois, davlat dasturida 2023-yilda hududlardagi mavjud ehtiyoj va aholi takliflarini inobatga olgan holda 30 ta oilaviy poliklinika, 110 ta oilaviy shifokor punkti va 520 tagacha ixcham mahalla tibbiyot punktini tashkil etish belgilandi. Bu tibbiy manzillar aholining sogʻligʻini saqlash, tibbiy madaniyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Uy-joyli boʻlish – saodat
Xalqimizda uy-xonadon muhim qadriyat sifatida ulugʻlanadi. Hali ulgʻaymagan bolasiga uy qurishni niyat qilib, otalar terak ekkan, yo uyi atrofidagi biror joyni belgilab, poydevor tashlab qoʻygan. Vatan ichra “kichik vatan”i boʻlishni har kishi niyat qiladi. Shu bois, davlat dasturida aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirish maqsadi ham belgilab olindi. Unga koʻra, 2023-yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmini 1,6 baravar oshirib, 90 mingga yetkazish, bunda uy-joy hamda ijtimoiy va savdo obyektlarini loyihalashtirish va qurishda avtotransport vositalari turargohlari, shu jumladan, koʻp qavatli va yerosti avtoturargohlar majburiy ravishda barpo etilishini taʼminlash boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Shuningdek, 32 ming fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, 11 ming fuqaroga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun davlat byudjetidan yetarli mablagʻ yoʻnaltirish, aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega boʻlmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifalari ham belgilandi.
Bu ishlarning hammasi odamlarimiz hayot rozi boʻlishi uchun qilinayotgani sir emas. Negaki, oʻz uyiga ega inson xotirjam boʻladi. Xotirjam odam rivojlanish, taraqqiyot haqida fikrlaydi. Shu sababli odamlarni uy-joyli qilish davlatning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilandi.
Baxt mehnat bilan yaratiladi
Rivojlanish yoʻlidagi har bir davlat fuqarolarining erkin ish topishi, ishlashi va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishi zarur. Negaki, inson ishlashi mumkin, lekin hamma ham ish oʻrni yaratolmaydi. Qaysi davlatda qancha koʻp ish oʻrni ochilsa, farovonlikning, islohotlar toʻgʻri yoʻldan ketayotgani va odamlarga foydali boʻlayotganining kafolati shu boʻladi. Mamlakatda yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026-yil yakuniga qadar kambagʻallikni kamida 2 baravar qisqartirishni hal etish masalasi davlat dasturida oʻz ifodasini topgan.
Bunda mehnat bozori infratuzilmasi va mehnat organlari faoliyatini raqamlashtirish, tuman (shahar) bandlik va tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari faoliyatini isloh qilish, yaʼni ularni “xizmat koʻrsatishdan” “muammoni yechish” modeliga bosqichma-bosqich oʻtkazish, nogironligi boʻlgan shaxslarni kasanachilik va kooperatsiya tashkil etish orqali ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga oʻyish, shuningdek, aholi kambagʻallik holatidan chiqishi uchun motivatsiya berish, taqdim etiladigan moliyaviy va nomoliyaviy yordam hamda xizmatlar natijadorligini oshirish, tomonlar majburiyatlarini belgilash maqsadida “ijtimoiy shartnoma” mexanizmini amaliyotga joriy etish koʻzda tutildi.
Davlat ishsizlarga munosib ish oʻrnini yaratsa, odamlar mehnat qilib oila boqsa, bu davlat rivojlanayotgan davlat hisoblanadi. Shunda kam taʼminlanganlar safi ozayib, davlatning ularga turli nafaqalar toʻlashiga zarurat qolmaydi.
Ezgu maqsad va yuksak gʻoyalar
Taraqqiyot strategiyasi asosida yaratilgan davlat dasturidagi ezgu maqsadlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan yanada mustahkamlanayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlashimiz joiz. Unda fuqarolarning huquq-manfaatlari, ehtiyoj va zaruriyatlari har tomonlama eʼtiborga olinmoqda. Xususan, dastlabki moddada “Oʻzbekiston ijtimoiy davlat”, deb belgilanmoqda. Yaʼni insonga eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanyapti.
Keyingi yillarda insonga eʼtibor, ularga gʻamxoʻrlik qilish eng asosiy vazifalardan biriga aylandi. Insonga eʼtiborni yanada kuchaytirish, kafolatlash maqsadida kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi Konstitutsiyamizning yangi tahririda belgilanmoqda. Shuningdek, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi va ragʻbatlantirishi kafolatlanmoqda. Bu orqali davlat kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha oʻziga qator yangi majburiyatlar olmoqda. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga meʼyorlar qariyb 3 barobar koʻpaymoqda.
Yangi tahridagi Konstitutsiyada har kim uy-joyli boʻlish huquqiga egaligi ham kafolatlanmoqda. Mazkur aniq meʼyor amaldagi Konstitutsiyamizda mavjud emas, endi har bir fuqaroning uyga ega boʻlish huquqi Konstitutsiya darajasiga chiqmoqda.
Har bir mamlakat fuqarolarining taʼlim olishi, oʻz vaqtida dam olishi, tibbiy koʻrik va tekshiruvlardan oʻtishi kabi ehtiyojlariga shart-sharoitlar yaratib berishi lozim. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekani qayd etilmoqda. Umuman, aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirilmoqda. Bu meʼyorlar aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish, onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf qilishda juda muhim ahamiyatga egadir.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, davlat dasturidagi ezgu maqsadlar Konstitutsiyamizga kiritilayotgan yangi meʼyorlarni xalqimiz hayotiga hozirdan tatbiq etishga xizmat qiladi.
Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari