Aholi bandligiga koʻmaklashish markazining sobiq direktori A.Yu. ushbu markazning aslida 98,2 mln soʻmlik “Lacetti-2” rusumli avtotransport vositasini “S.S.” MCHJ tomonidan oʻtkazilgan auksion savdosi orqali fuqaro J.Y.ga 15,5 mln soʻmga sotilgan degan qalbaki hujjat rasmiylashtiradi.
Buning uchun 13.12.2021-yilda auksion savdosi orqali sotish mazmunidagi yigʻilish bayonnomasini ham tayyorlaydi. A.Yu. shu orqali oʻzganing mulkini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qiladi.
Bu ishni Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Angor tumani boʻlimi tomonidan tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruvda aniqlagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.