Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-78-son, 27.02.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-yilda xizmatlar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- xizmatlar hajmini 15 foizga oshirish;
- sohada 3 million kishini daromadli mehnat bilan taʼminlash;
- 52,2 mingta xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish.
Prezidentning 2022-yil 27-yanvardagi PQ–104-son qarorida nazarda tutilgan xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlarga 1 foizlik ijtimoiy soliq stavkasining amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
2025-yilda quyidagi miqdorida kredit mablagʻlari yoʻnaltiriladi:
- xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 67,4 trillion soʻm;
- xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish uchun developerlar orqali tadbirkorlik subyektlariga noturar joylarni lizingga berishga 4,5 trillion soʻm.
Hududlarda 2025-yilda quyidagi 652 ta drayver loyihalarni infratuzilma bilan taʼminlash uchun 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi:
- 72 ta sohil boʻyi dam olish maskanlari;
- 62 ta zamonaviy qiyofadagi istirohat bogʻlari;
- 154 ta tunu kun faoliyat yuritadigan turizm va gastronomik yoʻnalishlarga ixtisoslashgan savdo va koʻngilochar koʻchalar;
- 364 ta yoʻl boʻyi va boshqa servis obyektlari.
Qarorga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan yuqoridagi davlat xizmatlari va funksiyalari xususiy sektorga oʻtkaziladi.