XMTning Toʻliqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqidagi Qonun maʼqullandi

    Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Toʻliqsiz ish vaqti sharoitlarida ishlash toʻgʻrisidagi 175-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1994-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Ushbu Konvensiya jahonning 20 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konvensiyaning maqsadi toʻliqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi ishchilarning mehnat sharoitlarini, ularni mehnatga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminot sohasidagi kamsitishdan himoya qilishni taʼminlashdir.

    Konvensiya qoidalari toʻliqsiz ish vaqti sharoitida ishlaydigan barcha shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.

    Muhokama davomida toʻliqsiz ish vaqtida ishlaydiganlar toʻliq ish vaqtida ishlaydiganlar bilan bir xil haq-huquq hamda ijtimoiy himoyaga ega boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.

    Senatorlar Konvensiya normalari Oʻzbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga toʻliq mos kelishini qayd etdi.

    Muhokama chogʻida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi toʻliqsiz ish vaqti sharoitida ishlovchi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi taʼkidlandi.

    Muhokama yakunlari boʻyicha Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.