Quyidagi xodimlarga nafaqa ish stajidan qatʼi nazar oʻrtacha ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi:

— baynalminal jangchilarga;
— qaramogʻida 16 yoshga (oʻquvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga;
— Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda qatnashgan xodimlarga;
— Chernobil AESdagi avariya natijasida radioaktiv ifloslanish zonasidan evakuatsiya qilingan va koʻchirilgan, qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari (oʻtkir leykoz), qalqonsimon bez (adenoma, rak) va xavfli oʻsmalar bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan xodimlarga;
— mehnatda mayiblanish va kasb kasalligi natijasida vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz boʻlgan xodimlarga;
— pandemiya, texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hollarda, ushbu favqulodda vaziyatlarga sababchi boʻlgan infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan va 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan ota-onalarga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar).

Ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar (sil kasalligi, onkologiya kasalliklari, yangidan paydo boʻladigan xatarli oʻsimtalar, jinsiy yoʻl bilan oʻtadigan kasalliklar, OITS, moxov (lepra) kasalligi, ruhiy kasalliklar) boʻyicha hisobda turgan xodimlarga umumiy ish stajining davomiyligiga bogʻliq ravishda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

a) umumiy ish staji 8-yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 5-yildan 8-yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
v) umumiy ish staji 5-yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.

Boshqa xodimlarga nafaqa quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

a) umumiy ish staji 8-yil va undan ortiq boʻlgan xodimlarga hamda 21 yoshga yetmagan chin (sagʻir) yetimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 80 foizi miqdorida;
b) umumiy ish staji 8-yilgacha boʻlgan xodimlarga oʻrtacha oylik ish haqining 60 foizi miqdorida.