Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan mamlakatimizda xodimlarni oʻz funksional vazifasiga kirmaydigan faoliyat turlariga, shuningdek, majburiy mehnatga jalb etish holatlari doimiy tahlil qilib boriladi.

Shu oʻrinda taʼkidlash muhimki, respublikada paxta yigʻim-terim mavsumida xodimlarni yigʻim-terim ishlariga majburiy jalb etish kabi salbiy holatlarga toʻliq barham berilgan.

Lekin shu bilan birgalikda ayrim tarmoqlarda, xodimlarni oʻz funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish faktlari sanoqli boʻlsada, mavjud.

Birgina joriy yilning 9 oyi davomida Milliy komissiyaning saʼi-harakati bilan barcha tarmoqlar boʻyicha jami 21 nafar mansabdor shaxs, xususan, xalq taʼlimi tizimidagi 9 nafar, tibbiyot sohasidagi 5 nafar mansabdor shaxs xodimlarni majburiy mehnatga jalb etganligi sababli Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.

Milliy komissiya bu kabi holatlarni toʻliq qoralaydi hamda nafaqat Xalq taʼlimi va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, balki boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda xodimlarning oʻz funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etilishining oldini olish boʻyicha zarur choralarni koʻrib boradi.

Bu borada Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlarni oʻz funksional vazifalaridan boshqa ishlarga jalb etilishi holatlariga barham berish boʻyicha nazoratni kuchaytirishi, aybdor mansabdor shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish ishlarini yanada kuchaytirishi zarur.

Aziz yurtdoshlar, agar Siz majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish bilan bogʻliq muammolarga duch kelsangiz “1176” hamda “1092” raqamli “ishonch telefon”lariga murojaat qilishingizni soʻraymiz.

Har bir maʼlumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan oʻrganib chiqiladi va zaruriy choralar koʻriladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir maʼlumot oshkor etilmasligi kafolatlanadi.