Toshkent viloyati adliya  boshqarmasida ham fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qilingan har bir murojaat javobsiz qoldirilmay  murojaatlar bo'yicha o'z vaqtida javob berib kelinmoqda.

Xususan,  fuqaro Bunyod eshonqulov Ohangaron tumani adliya bo'limiga “Gidromontaj” DUK tomonidan oylik ish haqlari to'lab berilmayotganligi to'g'risida murojaat kelib tushdi. Fuqaroning murojaati qonunchilikda belgilangan tartibda o'rganilganda, korxoda tomonidan nafaqat  eshonqulovning balki, yana 50 nafar xodimning oylik maoshlari o'z vaqtida to'lab berilmayotganligi ham aniqlandi.

Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida 50 nafar xodimning og'zaki murojaatlari bo'lim ish yurituviga qabul qilindi.

O'rganish jarayonida, “Gidromontaj” DUK tomonidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasi hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 19 martda e'lon qilingan “Ish haqi o'z vaqtida to'lanishiga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 88-sonli qarori talablari bajarilmaganligi ma'lum bo'ldi.

Xodimlarning oylik ish haqlarini undirish maqsadida adliya bo'limi tomonidan korxonaga taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma kiritilishi natijasida 27 nafar fuqaroning oylik maoshlari to'lab berildi. Qolgan
24 nafar fuqarolarning ish haqlari o'rtada nizo bo'lganligi sababli da'vo tartibida Fuqarolik ishlari bo'yicha sudda undirib berildi.

Tuman adliya bo'limi tomonidan 51 nafar fuqaroning murojaatlari qanoatlantirilib, jami 252 million 814 ming 306 so'm pul mablag'lari undirib berildi.

Baxriddin Jo'raev,

Ohangaron tumani adliya bo'limi boshlig'i