Joriy yil boshida bu muammoni bartaraf etishga kirishildi. Jumladan, 5 doni yangi 250 kVt quvvatli transformator hamda 7500 metr AS-35 rusumli elektr simlarni homiylik asosida Denov tumani elektr tarmoqlari korxonasi balansiga oʻtkazib berildi. Qolaversa, ushbu uskunalar soha mutaxassislari tomonidan tumanning aholi soni 20 mingdan oshadigan “Chim”, “Boʻston”, “Oʻzbekiston”, “Dunyotepa” hamda “Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududlariga oʻrnatildi.
— Mahallamizda elektr tarmoqlaridagi uzilishlar odatiy tusga kirib qolgandi, — deydi “Dunyotepa” MFY raisi Gulboy Xudoynazarov.— Ayniqsa, kuz-qish mavsumida odamlar juda qiynalardi. Endi bularning barchasi ortda qoldi. Nimagaki, mahallamizga zamonaviy transformator oʻrnatildi, simyogʻochlar, hatto ularning simlari ham yangisiga almashtirildi. Xullas, xonadonlarimizga kelgan yangi nur, ziyo koʻngillarimizni ham yoritib yubordi.