Xonanda shoirga 30 mln soʻm tovon puli toʻlaydi

    Ijtimoiy hayot 28 Aprel 2023 1417

    Xonanda A.Shermatov tomonidan hech qanday ruxsatsiz shoirga tegishli “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” nomli toʻplamidagi “Balosiz — goʻyoki gʻamimni yeysiz”, deb boshlanuvchi “Ayyor doʻstlarim” sheʼridan foydalanib qoʻshiq qilgan.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir B. Fazliddin mualliflik huquqini himoya qilishni soʻrab ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, xonanda A.Shermatov tomonidan hech qanday ruxsatsiz shoirga tegishli “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” nomli toʻplamidagi “Balosiz — goʻyoki gʻamimni yeysiz”, deb boshlanuvchi “Ayyor doʻstlarim” sheʼridan foydalanib qoʻshiq qilgan.

    Shoirning murojaati adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda oʻrganib chiqildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining qaroriga asosan, xonanda A.Shermatov mualliflik huquqbuzarligi sodir etilganlik fakti tasdiqlandi. Unga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

    Shoir B.Fazliddin foydasiga Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining hal qiluv qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, xonandadan shoir foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari, yaʼni 30 mln. soʻm tovon puli undiriladigan boʻldi.

    Maʼlumot uchun:

    Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev tomonidan shoir B. Fazliddinning hech qanday ruxsatini olmasdan shoirga tegishli boʻlgan aynan ushbu sheʼr — “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” toʻplamidagi “Balosiz — goʻyoki gʻamimni yeysiz”, deb boshlanuvchi “Ayyor doʻstlarim” sheʼridan foydalanib qoʻshiq ijro qilganligi uchun sud tomonidan shoir-muallif foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 80 barobari, yaʼni 24 mln soʻm tovon puli, 2 mln soʻm maʼnaviy zarar, jami 26 mln soʻm undirib berilgan edi.

    Aslida bu kabi holatlar keng jamoatchilikni xursand qilishi kerak! Chunki bu kabi holatlar mamlakatimizda qonunlar hayotiy tarzda ishlayotganligidan dalolat beradi.