“Xorazm hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan iste'molchilarga yanada sifatli elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida Xonqa tumanida joylashgan 110/10 kVli “Xonqa” podstansiyasidagi ortiqcha yuklama bilan ishlab turgan 10 000 kVAli T-2 kuch transformatori 25 000 kVA bo'lgan kuch transformatoriga almashtirildi. 

“Xorazm HeTK” AJ matbuot xizmati xabariga ko'ra, bajarilgan ishlar natijasida Xonqa tuman markazida joylashgan mavjud 500 ta tadbirkorlik subyekti binolari, 15 mingdan ziyod aholi xonadonini mustahkam elektr energiyasi bilan ta'minlash darajasi oshirildi.

Shu bilan, tuman markazida yangidan tashkil qilinishi rejalashtirilgan ishlab chiqarish korxonalari uchun ham qo'shimcha elektr energiyasi zaxirasi yaratildi.

Oldinlari bunday transformatorlar pudratchi tashkilotlar tomonidan shartnoma asosida o'rnatilgan bo'lsa, ahamiyatlisi, hozirda ishchilarning malakasini oshirish va qayta o'rgatish orqali bunday jarayonlar o'z ishchi kuchiga tayangan holda amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda shu orqali ortiqcha xarajatlarning oldi olinib, katta miqdordagi mablag'lar tejalishiga erishish kutilmoqda.