“Xorazm – shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimiz tutashgan chorraha” – Shavkat Mirziyoyev

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi.

    «Xorazm – shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimiz tutashgan chorraha, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Logistika zanjirlaridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda oʻtgan yili “Kichik va oʻrta biznes yili” boʻldi, deyish uchun barcha asoslarimiz bor», — dedi davlatimiz rahbari.

    2024-yili viloyatda 7 ming yangi tadbirkor ish boshladi, 47 ta korxona kichikdan oʻrtaga oʻtdi, 10 dan ortiq tadbirkorning aylanmasi 200 milliard soʻmdan oshdi. Bularning hisobiga viloyatda bir yil ichida 290 ming aholi ishli boʻldi.

    Lekin katta oʻzgarishlarga qaramasdan viloyatda kambagʻallik hali ham 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz ekani, aylanmasi 1 trillion soʻmdan oshgan atigi 1 ta korxona borligi qayd etildi.

    Shu bois, viloyat rahbariyati, 13 ta tuman hokimi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish oʻrinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xoʻjaligi, eksport salohiyatini yanada oshirish, ijtimoiy soha va infratuzilmadagi muammolarni hal qilish uchun qatʼiyat va masʼuliyat bilan harakat qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.