Xorazmda oʻtgan yili qurilish sanoati boʻyicha qancha loyiha ishga tushirildi?

    Sanoat 21 Yanvar 2021 2474

    Xorazm viloyatida boshqa sohalar kabi qurilish materiallari sanoati ham yil sayin tobora rivojlanib bormoqda.

    Viloyat hokimligi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, yangi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida esa hudud iqtisodiyoti va eksport ko‘rsatkichilari ortishi bilan bir qatorda sanoat korxonalari soni ko‘paymoqda. Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 2020 yilda umumiy qiymati 193,8 mlrd so‘mlik 128 ta loyiha ishga tushirildi va 664 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

    Xususan, “Urganch Maxsus Qurilish” jamiyati tomonidan Urganch shahrida 12,0 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yiliga 600 tonna qurilish himoya to‘ri ishlab chiqarish quvvati barpo etildi hamda 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

    Shuningdek, “Xolis Isok bobo” korxonasi tomonidan Xazorasp tumanida 5,3 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yiliga 10 ming kub metr temir beton buyumlari ishlab chikarish quvvatlari yaratildi. Qo‘shko‘pir tumanida esa “Xudoshukur” MChJ tomonidan 4,8 mlrd so‘mlik investitsiya hisobiga yiliga 10 mln dona pishiq g‘isht ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi.

    Joriy yilda ham soha bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Xususan, 2021-2022 yillarda umumiy qiymati 1210,9 mlrd so‘mlik 45 ta loyiha ishga tushuriladi va 1295 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ushbu loyihalar 652 mlrd so‘mi tashabbuskorlar mablag‘lari, 208 mlrd so‘mi bank kreditlari, 16,7 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar va 17,0 mln dollari “Xorazm invest prodjekt” jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Shundan 2021 yilda 384,1 mlrd so‘mlik 39 ta loyiha ishga tushiriladi va 730 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

    Eng yirik loyihalardan biri Urganch shahrida amalga oshiriladi. Xususan, “Orient Ceramic” jamiyati tomonidan 72,8 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yiliga 3,5 mln kv metr yo‘lak keramik plita ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi. Tuproqqal’a tumanida "Zamin Qurilish Trans Servis" MChJ tomonidan esa yiliga 3,0 mln kv metr keramik plita ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi va 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, "Zamin Qurilish Trans Servis" MChJ tomonidan yana bir yirik loyiha - 30 ming kub metr qamishdan DSP ishlab chiqarish amalga oshiriladi.

    "Pitnak Panel" qo‘shma korxonasi tomonidan yiliga 10 mln kv metr silliq qurilish oynasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, bunda “Xorazm invest prodjekt” jamg‘armasi hisobidan 10 mln dollar va xorijiy investitsiya hisobidan 15 mln dollar sarflanadi. Shuningdek, ushbu korxona tomonidan “Xazorasp” EIZ hududida 51,6 mlrd so‘m hisobiga 200 ming kv metr olovbardosh sendvich panellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ishga tushuriladi.

    Shuningdek, “Xazorasp” EIZ hududida “New Best Style” jamiyati esa 30 mlrd so‘m investitsiya hisobiga yillik gulqog‘oz ishlab chiqarish quvvatlarini 2 martaga ko‘paytirib, 1500 ming rulonga yetkaziladi. Urganch shahrida esa “Urganch qurilish materiallari zavodi” MChJ tomonidan 12 mlrd so‘m investitsiya hisobiga 30 ming tonna gidratlangan ohak va “Eko obi hayot” MChJ tomonidan 19 mlrd so‘m investitsiya hisobiga 5,0 mln kv metr gipsokarton listlari ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi.