Xorazmda avtomobil yoʻllari boshqarmasi masʼullari 549,3 mln soʻmni talon-toroj qilgani aniqlandi

    Masʼul shaxslar Urganch shahridagi temir yoʻl ustidan oʻtuvchi koʻprikni rekonstruksiya qilishda rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-taʼmirlash ishlarini qoʻshib yozgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urganch shahar boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

    Unda Xorazm viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi masʼul shaxslari va boshqalar Urganch shahridagi temir yoʻl ustidan oʻtuvchi koʻprikni rekonstruksiya qilishda rasmiy hujjatlarga amalda bajarilmagan qurilish-taʼmirlash ishlarini qoʻshib yozish orqali jami 549,3 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Yangiyoʻl tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yangiyoʻl tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “T.F.” MCHJ masʼul shaxslari oʻzaro til biriktirib, Qirariq koʻchasidagi 592 metr yoʻl asfalt qilingan boʻlsa-da, 26.10.2023-yilda ushbu koʻchani asfalt qilish boʻyicha “Shaffof” platformasiga qoʻyib, tanlovda “T.F.” MCHJ gʻolib boʻlgach MCHJ rahbari F.T.bilan kelishib rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritish orqali jami 239,8 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.