Usta-hunarmandlar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi elektorati bo'lib, partiyaning 2020-2024 yillarga mo'ljallangan Saylovoldi dasturida yuksak estetik qimmatga ega bo'lib kelgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, qadimgi badiiy-hunarmandchilik maktablari an'analarini saqlab qolish, hunarmandlar maqomini tadbirkorlikdan ajratish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. SHundan kelib chiqqan holda partiya mamlakatimizda hunarmandchilikning barcha turlarini qo'llab-quvvatlaydi. Ulardan biri esa hunarmand-to'quvchilar.
O'zbek milliy matolari deganda ko'zimiz o'ngida kamalak ranglarda tovlanuvchi atlasu adraslar namoyon bo'ladi. Aslida uztazoda to'quvchilar tomonidan yaratilgan xonatlaslarning yorqinligi kamalak ranglaridan-da serjilo. Bugungi kunda ko'plab hunarmandlarimiz tomonidan qadimiy namunalar asosida ishlab chiqarilayotgan “O'zbekiston go'zali”, “Marg'ilon”, “Bibixonim”, “Begoyim”, “Kelinchak atlas”, “Bargi karam”, “Nomozshomgul”, “Guldasta”, “Navro'z”, “Qo'chqorshox”, deb nomlangan ipak matolari dunyo miqyosida e'tirofga sazovor.
Xon atlasu adraslar haqida so'z ketar ekan, albatta, bu borada Marg'ilon maktabini alohida ta'kidlab o'tish joiz. Xususan, Marg'ilon matolari rang-barang ko'rinishi, jozibador naqshlari bilan ajralib turadi. SHu boisdan ham marg'ilonlik hunarmandlar tomonidan yaratilgan mahsulotlar asrlar davomida e'zozlanib kelinmoqda.
2017 yilda o'zbek ipak matolarining to'qish texnologiyasi YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgani milliy matolarimizning jahon miqyosidagi yuksak o'rnini namoyon etadi. Bugungi kunda yo'qolib borayotgan an'analarni asrab-avaylash, jumladan, tarixiy matolarni qayta tiklash tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotir.
Xiva xonligi davridagi qadimiy liboslarning matolarini qayta tiklash bo'yicha YUNESKOning maxsus topshirig'iga binoan qariyb o'n besh yildan ziyod vaqt mobaynida navqiron Xivada Ollaqulixon madrasasida marg'ilonlik usta hunarmandlar faoliyat ko'rsatmoqdalar. Bu erda maxsus o'quv markazi tashkil qilingan. SHu bugungacha ayni yo'nalishda ko'plab izlanishlar olib borildi. Jumladan, Xiva xonligi davriga xos “Xorazm alocha”, “Turma belbog'” matosi hamda ayollarning ipakdan to'qilgan gulli adras, avrli beqasam matolari asl holatida qayta tiklandi.
Marg'ilonlik hunarmand Alisher Ahmadalievning ta'kidlashicha, Xiva xonlari va ularning oila a'zolari, haramdagilar, amaldorlar hamda mahalliy aholi uchun tikilgan kiyimlar izlab topilib, dastavval, matolarning eski holati, yaratilish tarixi, o'ziga xos xususiyatlari chuqur o'rganildi. Bir necha yillik izlanishlar natijasida matolar o'sha davr ko'rinishiga xos uslublarda qayta tiklandi. Xorazmning tarixiy matolari, ularning bir qancha turlari yangidan yaratildi. Bu erda ko'plab yoshlar qadimiy matolarni qayta tiklash yo'nalishda bilim va tajriba orttirib, noyob matolar turlarini chuqur o'rganib kelmoqdalar.
– Ko'p yillik izlanishlarim samarasida shunga amin bo'ldimki, Xorazmning tarixiy adraslari asosan ipak hamda ipning hamohangligi asosida yuzaga keladi, - deydi hunarmand Alisher Ahmadaliev. – Bu o'ziga xos uyg'unlashuv noyob go'zallikni, ulug'vorlikni kashf etadi. eskidan saqlanib qolgan adraslarni diqqat bilan kuzatar ekansiz, naqshinkor chiziqlarda uzilish ko'zga tashlanmaydi. YA'ni bir tekislikda ishlangan davomiy chiziqlar gulli bezaklar orasida yaqqol namoyon bo'ladi. SHuningdek, Xiva tarixiy choponlarining qirralaridagi jiyaklar asosan qizil va pushti ranglarda bo'lib, alohida emas, matoning o'ziga to'qilgan. Bu kabi bir qancha noyob, betakror uslublar mavjud.
O'zbek milliy matolari tarixi qadim davrlarga borib taqaladi. Usta hunarmandlarning mashaqqatli mehnati, qobiliyati, o'tkir mahorati natijasida yaralgan atlas, adras, beqasam kabi bir-biridan bejirim matolar nihoyatda qadrlidir. Azaliy qadriyatlarimizni o'zida ifoda etgan ushbu go'zal matolar milliy boyligimiz sanaladi. Unda xalqimizning uzoq hamda shonli o'tmishi, qadimiy an'analari, estetik dunyoqarashi, didi va o'ziga xos xususiyatlari mujassam.
Gulnoza UMIROVA,
O'zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Xorazm viloyat Kengashi matbuot kotibi