Soʻnggi yillarda fuqarolarning isteʼmol kreditlariga boʻlgan talabi ortib borishi, shuningdek, mahsulot yetkazib berish va xizmatlar koʻrsatish koʻlamining kengayib borayotgani moliyaviy isteʼmol kredit ajratilish yuzasidan amaldagi Qonunga oʻzgartirish kiritishni taqazo etmoqda.
Shu kabi omillar inobatga olingan holda Senatining oʻttiz yettinchi yalpi majlisida “Moliyaviy isteʼmol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham isteʼmol krediti ajratishga ruxsat berish koʻzda tutilgan.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga tashqaridan keltirilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy isteʼmol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, Qonun bilan isteʼmolchi moliyaviy isteʼmol krediti olish toʻgʻrisida isteʼmol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.
Qonunning qabul qilinishi aholi isteʼmol kreditlarini rasmiylashtirishda yengiliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish koʻlamining kengayishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.