Xorijda mahkum etilgan shaxslarni Oʻzbekistonga qabul qilish choralari takomillashtirilmoqda

    Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokamasi boʻlib oʻtdi.

    Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

    Qonunda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni ular jazo oʻtashini davom ettirish uchun, shuningdek ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun berish va qabul qilish asoslari, shartlari hamda rad etish toʻgʻrisidagi qoidalarni kiritish nazarda tutilgan.

    Qonun xorijiy davlatlar sudlari qarorlarini tan olish va ijroga qaratish tartibi, shaxslarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar va boshqa masalalarga doir qoidalarni qamrab olgan.

    Qonunda mahkumlarni jazoni oʻtashni davom ettirish yoxud ruhiy kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun Oʻzbekiston Respublikasiga qabul qilish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi ham aniq belgilanmoqda.

    Mazkur qoidalar belgilanishi milliy qonunchilikda mahkumlarni topshirish tartibining normativ-huquqiy asosini shakllantirib, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalar boʻyicha oʻzining majburiyatlarini yanada toʻliq darajada ijro etishiga imkoniyat beradi.

    Muhokama davomida Qonun mahkumni unga belgilangan jazoni oʻz davlatida oʻtashi orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirishga, shuningdek, xorijdagi fuqarolarning huquqiy himoya qilinishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.