Parlament soʻroviga javobda qayd etilganidek, soʻnggi toʻrt yil ichida tashqi mehnat migratsiyasi masalasini tartibga solishga qaratilgan tizimli islohotlar mazkur sohadagi koʻplab muammolarni bartaraf qilish va fuqarolar uchun zarur qulayliklar yaratish imkonini bermoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi mustahkamlab qoʻyildi. Mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Vazirlik taqdim qilgan maʼlumotlarga koʻra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi(Agentlik) xorijiy davlatlarning salohiyatli ish beruvchilarini qidirib topish va hamkorlik oʻrnatish natijasida Oʻzbekiston bozori uchun 65 000 ta boʻsh ish oʻrinlari aniqlandi. Xorijdagi mavjud ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlik va Agentlikning rasmiy axborot manbalarida va “labor-migration” dasturiy majmuasida yoritib borilmoqda.

Xorijiy ish beruvchilar bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish boʻyicha Rossiya, Qozogʻiston, BAA, Chexiya Respublikasining bir qator ish beruvchi korxonalari bilan hamkorlik kelishuv shartnomalari imzolangan. Shuningdek, “Ishga marhamat” monomarkazida Moskva shahri Koʻp tarmoqli migratsiya markazi filialining ochilishi, Germaniya Federativ Respublikasi “GfM GmbH & So, KG” va “HR ARENA GmN” hamda Kanadadagi “Sobirovs Law Firm” kompaniyalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Natijada, 2021-yilning 1-choragida 9 465 nafar fuqaroni xorijda ishga joylashtirishga erishildi.

Xorijdagi mehnat migrantlari va vatandoshlarga huquqiy, konsultativ, ijtimoiy, moddiy va maʼnaviy yordamlar koʻrsatish maqsadida Agentlik va uning xorijdagi vakolatxonalari faoliyat yurityapti. Ularga murojaat qilgan fuqarolarga tegishli maslahatlar, huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordamlar koʻrsatilyapti.

Deputatlar vazirlikning mazkur sohadagi faoliyatini amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan yana-da kengroq foydalanish, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish geografiyasini kengaytirish, xorijdagi diplomatik korpuslarning migrantlar bilan ishlash masalalariga yana-da koʻproq eʼtibor berish, mazkur sohaning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish zarurligini qayd etdilar.

Muhokama davomida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining mazkur parlament soʻroviga yoʻllagan javobini maʼlumot uchun qabul qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.