Oʻzbekistonning xorijdagi Elchixona va Bosh konsulxonalari tomonidan joriy yilning 19-26-aprel kunlari Oʻzbekiston Respublikasi referendumining muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari amalga oshirildi.
Oʻzbekiston fuqarolari zich joylashgan 40 ta xorijiy davlatlarda, jumladan diplomatik vakolatxonalarimiz mavjud boʻlmagan shaharlarda qoʻshimcha ravishda jami 1 003 ta muddatdan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etildi.
Ushbu muddatdan oldin ovoz berish jarayonida 159 276 nafar fuqarolarimiz oʻz konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.
Xorijdagi referendum jarayonlarini OAVda yoritilishini taʼminlash maqsadida Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg, Vladivostok shaharlari), Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda Turkiya davlatlariga Oʻzbekiston MTRK xodimlari joʻnatildi.
Hozirgi vaqtda, yurtimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mavjud boʻlgan 39 ta davlatda 55 ta referendum uchastkalari tashkil etilgan.
Xorijdagi referendum jarayonlarining dastlabkisi 30-aprel kuni yurtimizning Yaponiya va Koreyadagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04.00 da boshlanib, soʻnggisi Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi vakolatxonalarda 1-may kuni soat 05.00 da yakunlanishini maʼlum qilindi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizning Sharq va Osiyo mamlakatlaridagi diplomatik vakolatxonalarida, xususan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok, Novosibirsk, Yekaterinburg shaharlarida hamda qoʻshni mamlakatlarda ovoz berish jarayoni boshlandi.