Xorijdagi saylov uchastkalari haqida maʼlumot beruvchi interaktiv xarita ishlab chiqildi

    Saylov 26 Iyun 2023 4031

    “Dunyo” AA saytida Oʻzbekiston Prezidenti saylovlarini oʻtkazuvchi xorijiy davlatlarda joylashgan saylov uchastkalari manzillari koʻrsatilgan interaktiv xarita eʼlon qilindi.

    Ushbu xaritadan ovoz berish uchun eng yaqin saylov uchastkasi haqida maʼlumot olish mumkin.

    Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan muddatidan ilgari Prezident saylovlarida boshqa davlatlarda yashovchi vatandoshlarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta uchastka saylov komissiyasi faoliyat koʻrsatmoqda, deb xabar bermoqda agentlik.

    Maʼlum qilinishicha, saylov uchastkalari ishini elchixonalar maslahatchilari va xodimlari, konsullar hamda vatandoshlar amalga oshiradi.

    Ikki oy avval Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha oʻtkazilgan referendum chogʻida “Dunyo” axborot agentligi tomonidan ishlab chiqilgan interaktiv xaritadan xorijdagi yuz minglab oʻzbkistonlik fuqarolar foydalangan.