Markazda ayni paytda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, gemodializ, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya va reanimatsiya boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, markaz, magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Tibbiyot muassasasi kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish, yiliga 1500 dan koʻproq murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyatiga ega. Quvonarlisi, davolanish uchun ilgari xorijiy davlatlarga yuboriladigan bemor bolalarning 95 foizi bugungi kunda shu yerda shifo topyapti. Shifoxonada Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi respublika bolalar tibbiyot muassasalari tomonidan beriladigan yoʻllanma (order)larga asosan kelgan bemorlar uchun ketadigan xarajat toʻliq davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
— Oʻgʻlim Yusufjon 5 yoshda. Bu yerga bosh miya oʻsmasi tashxisi bilan keldik, — deydi Fotima Ikromova. — Ochigʻi, bundan oldin juda koʻp joyga murojaat qildik. Hatto Rossiya Federatsiyasidagi shifokorlar bilan bogʻlanib, ularning maslahati asosida Moskva shahriga bormoqchi boʻldik. Poytaxtimizda Bolalar milliy tibbiyot markazi faoliyat boshlaganini, bu operatsiyani endi shu yerda ham amalga oshirish mumkin ekanligini eshitib, yoʻllanma oldik. Xudoga shukur, operatsiya muvaffaqiyatli oʻtdi. Xavf ortda qoldi. Bolam bugun sogʻlom, bagʻrimda, odatdagi hayot tarziga qaytgan. Yoʻllanma bilan kelganimiz sababli tekshiruvdan tortib, operatsiyagacha boʻlgan barcha jarayon bepul amalga oshirildi, bepul dori-darmon bilan taʼminlandik. Bizga shunday imkoniyat yaratgan, bolamga qayta hayot bagʻishlagan barcha-barchadan minnatdorman.
Markazda oʻta murakkab operatsiyalar deyarli har kun amalga oshiriladi. Odatda chaqaloqlar bosh suyagining tepa qismi, xalq tilida aytganda “liqildoq” bilan tugʻiladi va u vaqt oʻtib tabiiy jarayon bilan bitib ketadi. Ana shu joyi bitib tugʻilgan bolaning miyasi endoskopik usulda tekshiruvdan oʻtkazildi. Bu oʻta murakkab operatsiya sanaladi. Oʻsha suyaklarning bitgan joylarini ochish maqsadida jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shuningdek, hozirga qadar peshob yoʻllarida tugʻma nuqson bilan tugʻilgan 10 nafarga yaqin bolada jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Klinikada qoʻllanilayotgan eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar davolash samaradorligini oshirishda muhim oʻrin tutmoqda. Markazda bolalar buyragidagi toshni lazerda olib tashlash boʻyicha bajarilgan amaliyotlar ham eʼtiborga molik.
— Oʻgʻlim Doniyor 7 yoshda. Buyragidagi tosh tufayli tengdoshlari qatori maktabga chiqa olmadi, — deydi Feruza Abdugʻaniyeva. — Ogʻriq kuchayib, bolam juda qiynaldi. Shifokorlar bu yerda ana shu toshni yangi texnologiya vositasida operatsiya qilmay, hech qanday chandiq yoki asorat qoldirmay olib tashlashdi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar aʼlo darajada. Buning uchun Prezidentimizdan, shifokorlardan minnatdorman.
Yana bir quvonchli holat. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari ham bepul davolanish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu bilan chet el tugul, hatto, oʻzimizda davolanish uchun imkon topa olmagan ota-onalar farzandlari ana shu markazda salomatliklarini tiklayapti.
— Hududlarimizda “Temir daftar”ga kiritilgan barcha bemor bolalarni uch guruhga boʻldik, — deydi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Anvar Alimov. — Ana shunday yoʻl bilan viloyatning oʻzida, respublika
muassasalarida va Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanishga muhtoj bemorlar aniqlandi va ularning hammasi davolanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mamlakatimizda shu paytgacha bolalarda neyrojarrohlik operatsiyalarini oʻtkazish uchun toʻlaqonli imkoniyat yoʻq edi. Shu bois, bosh miya oʻsmasi, tugʻma yurak nuqsoni, onkogematologiyaga chalingan bolalar chet elga borib davolanishga majbur boʻlardi. Bugungi kunda ana shunday bemorlarning xorijga borishiga hech qanday ehtiyoj qolmadi. Xorijnikidan qolishmaydigan ushbu tibbiyot muassasasida amalga oshirilayotgan amaliyotlar chet elga borib kelish uchun sarflanadigan sarfxarajatlardan oʻn barobar arzonga tushyapti. Tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalar bepul, davlat byudjeti hisobidan davolanmoqda.
— Men Qashqadaryodan keldim, — deydi Ruxshona Xudoyqulova. — Qizim bir yoshga kirganida yuragida tugʻma nuqsoni borligi aniqlandi. Kelgan kunimizning ertasigayoq operatsiya qilishdi. Natija juda yaxshi. Qizim hozir sogʻlom boladay oʻynayapti, kulyapti, erkin harakat qilyapti. Hamma muolaja bepul amalga oshirildi. Markazda shu kunga qadar 23 nafar chet el fuqarosiga ham tibbiy xizmat koʻrsatildi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, hatto MDH davlatlari, Afgʻoniston, Braziliya, AQSH, Xitoy davlatlaridan kelgan bemorlarda ham jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Bolalar milliy tibbiyot markazi oʻz faoliyatini yana-da takomillashtirishni maqsad qilgan. Shu yildan markazda genetik omillarni hisobga olgan holda erta tashxis qoʻyish, prognozlash va davolashning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Xalqaro standartlarga mos keladigan tibbiy xizmatlarni koʻrsatish va bemorlar xavfsizligini taʼminlash uchun 2022-yilning oxirigacha Koreya Respublikasining “JCI” tashkilotidan akkreditatsiyadan oʻtish belgilangan.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri