Yurtimizda 11 ta aeroport mavjud boʻlib, ularning barchasi xalqaro maqomga ega. Soʻngi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasida boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish borasida qator ishlar bajarilmoqda. Ammo “Uzbekistan airways«da Turkiya, Rossiya, Misr yoki Dubayga uchish narxi xuddi shu yurtlarga Qozogʻiston yoki Qirgʻizistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmatligi bor gap.

Bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa boʻlgan Toshkent — Olmaota yoʻnalishi boʻyicha aviachiptaning narxi ekonom klass uchun 4 million 700 ming soʻm, biznes klass esa 8 million 512 ming soʻm. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent — Moskva yoʻnalishi boʻyicha aviachipta narxi ekonom klass uchun 4 million 257 ming, biznes klass uchun esa 10 million 952 ming soʻm; Toshkent — Riga yoʻnalishi boʻyicha 2 million 800 ming soʻm (parvoz vaqti — 5 soat 30 daqiqa), Toshkent — Nyu York yoʻnalishi boʻyicha esa ekonom klass uchun 6 million 500 ming, biznes klass uchun esa 21 million 557 ming soʻm (parvoz vaqti — 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil. Koʻrinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa boʻlgan Toshkent — Olmaota yoʻnalishi boʻyicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat koʻp parvoz qilinadigan yoʻnalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqori. Demak, oddiy ishchi chet elga borish uchun kamida 6 oy tinimsiz mehnat qilishi va ortiqcha xarajatlarsiz pul jamgʻarishi kerak. Albatta, aviachipta narxlari qimmatligi, birinchi navbatda, chet ellik sayyohlarning yurtimizga kelishiga ham biroz toʻsqinlik qiladi.

Masalan, Istanbuldan Chimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha vaqt, shuncha masofa va shuncha yoʻlovchi bilan uchadi. Agar zarar koʻrsa, uchmasdi...

Xalqaro anywayanyday.com saytida ham aviachiptalar narxidagi farqni koʻrish mumkin.

Xalqniyam oʻylash kerak

Aholi bilan joylarda oʻtkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni koʻrsatdiki, masʼullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyat (pandemiya)dan insof bilan foydalanmayapti. Zotan, Qozogʻistonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida oʻtishga Qozogʻiston tomonidan pandemiya sababli taqiq qoʻyilgan. Masʼullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolar majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan oʻz yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat qilmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, hozir kuniga 2 mingga yaqin oʻzbekistonlik Qozogʻiston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sababi nimada? Aslida milliy aviakompaniyamiz xalqimizga boshqa kompaniyalarga nisbatan eng qulay xizmatlarni taqdim etishi kerak emasmi? Keyingi paytda Chimkent aeroporti xizmatidan foydalanish keng tus olmoqda. Toʻgʻri, Chimkentdan parvoz qilish arzonga tushadi. Ammo yurtimizdan parvoz qilishning ham qulayliklari bor. Milliy aviakompaniyamiz qatnovlarida Istanbuldan istalgan klassda keladigan yoʻlovchining 30 kilogramm oʻlchamli bepul yuk limiti mavjud. Chimkentdan parvoz qiluvchilar uchun bunday limit koʻrsatilmagan. “Uzbekistan airways” shu vaqtgacha yagona monopol aviakompaniya edi. Yaqinda unga raqobatdosh “Qanot Sharq” aviakompaniyasi ish boshladi. Balki endi narxlar biroz boʻlsada miniallashar...

Aviachipta narxi nimaga bogʻliq?

Baʼzan charter reys nima oʻzi, bizga nega kerak degan tushunmovchiliklar ham kelib chiqdi. Charter reyslar sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladigan jarayon. Muntazam qatnovlar esa aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. Yoz mavsumida mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun milliy aviakompaniyalarga murojaat qiladi. Aviakompaniya majburiyatiga esa, samolyot, uchuvchi tarkibi hamda parvoz xavfsizligini taʼminlash kiradi. Shuningdek, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari Oʻzbekistonga tenglik asosida qatnash uchun toʻla huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularni rad qilmaydi. Fuqaro qancha vaqtliroq, yaʼni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzon tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgani sari tariflar qimmatlashadi. Har bir klass uchun aviachiptalar narxi, qoidaga koʻra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik oʻzgarmaydi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, aviakompaniya oʻz imkoniyat va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan koʻz yumib boʻlmaydi. Narxlarni minimallashtirish esa yurtdoshlarimizning Qozogʻiston yoki Qirgʻiziston aviakompaniyalari orqali parvoz qilish oʻrniga milliy aviakompaniyamiz orqali parvoz qilishiga zamin yaratadi.

Shahboz ABDUSATTOROV,

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xodimi