Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan qutlovlar yo‘llamoqda

    Hukumat 21 Mart 2022 6207

    Bahor, tabiat uyg‘onishi va yangilanish ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.

    Ularda O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.

    Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida Yangi O‘zbekistondagi mamlakatni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohot va yangilanishlarda erishilayotgan katta yutuq va muvaffaqiyatlarni, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi izchil mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etgan.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Prezident janoblari!

    Xitoy hukumati va xalqi nomidan hamda o‘z nomimdan Sizni O‘zbekistonning an’anaviy bayrami Navro‘z munosabati bilan samimiy muborakbod etishga ijozat bergaysiz.

    Yaqinda siz bilan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonladik. Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi doirasida do‘stona muhitda sermahsul uchrashuv o‘tkazdik hamda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish va birgalikda “Bir makon, bir yo‘l”ni barpo etish, COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan yangi kelishuvlarga erishdik.

    Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman va Siz bilan birgalikda ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida an’anaviy do‘stlikni mustahkamlash va ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga tayyorman.

    Sizga mustahkam sog‘lik, davlatchilik faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

    Do‘st O‘zbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman!

    Si Szinpin,

    Xitoy Xalq Respublikasi Raisi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Prezident janoblari!

    Sizga va O‘zbekiston xalqiga Navro‘z baxtli va farovon bo‘lishini tilayman. Bu barcha uchun tinchlik va yangilanish bayramidir, joriy yil esa mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlayotgani bilan alohida ahamiyatlidir.

    Mening ma’muriyatim pandemiyaga qarshi kurash, strategik sherikligimizni chuqurlashtirish va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi muvaffaqiyatli sa’y-harakatlarimizni davom ettirish uchun kelgusi yilda mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishdan umidvor. Mamlakatingizni Amerika investitsiyalari uchun jozibador qilishiga yordam bergan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz.

    Shuningdek, Siz bilan C5+1 jarayoni doirasida umumiy mintaqaviy maqsadlarimiz yo‘lidagi ishlarimizni davom ettirishga intilamiz

    Navro‘z muborak!

    Hurmat bilan,

    Jozef Robinett Bayden,

    Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Shavkat Miromonovich!

    Barchamiz uchun umumiy bщlgan Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz va yurtdoshlaringizni samimiy tabriklayman.

    Ushbu fayzli bahoriy bayram, yuksak ma’naviy qadriyatlarni aks ettirib, yangilanish, tinchlik va birlikka chorlaydi. Azal-azaldan qadrli Navro‘z birodar davlatlarimizga shodlik va farovonlik olib kelsin.

    Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shinchilikka asoslangan ittifoqchilik bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yo‘lida izchil rivojlanadi.

    Ushbu fayzli kunlarda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mamlakatingiz ravnaqi va barqaror taraqqiyoti yo‘lidagi barcha ezgu tashabbuslaringizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh o‘zbek xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilayman.

    Navro‘z har bir xonadonga qut-baraka olib kelsin!

    Hurmat bilan,

    Qasim-Jomart Toqayev,

    Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Shavkat Miromonovich!

    Sizni Navro‘z bayrami bilan chin dildan qutlayman!

    Navro‘z – ezgu intilishlar, pok orzu-umidlar, hayot va bahor shodiyonasini mujassam etgan buyuk qadimiy bayram.

    Ishonchim komil, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar bundan buyon ham chinakam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida mustahkamlanib boradi.

    Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxtsaodat, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman!

    Hurmat bilan,

    Sadir Japarov,

    Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Shavkat Miromonovich!

    Sizga va Siz orqali do‘st O‘zbekiston xalqiga ajdodlarimizning azaliy bayrami Navro‘z kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

    Bugungi kunda xalqaro bayram maqoimin olgan qadimgi Navro‘z ayyomi o‘zining chuqur ma’naviy mazmuni bilan insoniyatga xizmat qilayotgani quvontiradi.

    Zamonning murakkab ijtimoiy-iqtisodiy va geosiyosiy sharoitlarida Bahor bayramining umuminsoniy qadriyatlari tiklanish va bunyodkorlik, tinchlik va osoyishtalik, do‘stlik va ahillik, o‘zaro tushunish va birdamlik, o‘zaro hurmat va ko‘mak kabi yuksak ne’matlarni o‘zida aks ettirish bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.

    O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari Navro‘zning ezgu an’analari ruhida kelajakda ham rivojlanib, xalqlarimizning tub manfaatlariga muvofiq kengayishiga ishonaman.

    Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, barqarorlik, farovonlik va cheksiz ravnaq tilayman.

    Navro‘z mubork!

    Hurmat bilan,

    Emomali Rahmon,

    Tojikiston Respublikasi Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Hurmatli Shavkat Miromonovich!

    Sizni va birodar O‘zbekiston ahlini xalqaro Navro‘z bayrami bilan samimiy muborakbod etib, eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun sharafdir.

    Navro‘z bayrami qadim zamonlardan tabiat tiklanishi, hayot tantanasi va bahor kirib kelishi ramzidir. Mehmondo‘stlik, tinchlikservarlik, yaxshi qo‘shnichilik va yuksak insonparvarlik tamoyillarini mujassam etgan ushbu bayram xalqlarimiz o‘rtasidagi ahillik va do‘stlikni mustahkamlashda alohida o‘rinda ega.

    Ushbu ajoyib bayram Siz va mamlakatingizning butun xalqiga shodlik, farovonlik va ravnaq olib kelsin.

    Chuqur hurmat ila,

    Serdar Berdimuhamedov,

    Turkmaniston Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Muhtaram Shavkat Miromonovich!

    O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizga va Siz orqali qardosh O‘zbekiston xalqiga Navro‘z bayrami munosabati bilan samimiy tilaklarimni izhor etaman.

    Tabiatni uyg‘otuvchi, odamlarga yangi kayfiyat ulashuvchi ushbu bahoriy bayram o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etadi.

    Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik Navro‘zning ezgu qadriyatlarini yuksak qadrlaydigan xalqlarimiz irodasiga muvofiq bundan buyon ham kengayib, mustahkamlanib borishiga ishonaman.

    Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘lik, faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilayman.

    Hurmat bilan,

    Ilhom Aliyev,

    Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Qalblarga quvonch bag‘ishlovchi Navro‘zning kirib kelishi, tabiat va ona zaminning qaytadan jonlanishi hamda hijriy-shamsiy yangi 1401 yilning boshlanishi munosabati bilan Siz janobi oliylari, Sizning muhtaram oila a’zolaringiz va mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan muborakbod etaman.

    Navro‘z xudojo‘ylik, oilani sevish va tinchlikparvarlikdan kelib chiqadigan madaniyatning avj nuqtasi bo‘lmish qadriyatlarga tayanuvchi sivilizatsiyaning timsoli va jilolanishidir. Islomning aziz Payg‘ambari (unga, uning pokiza avlodlari va buyuk sahobalariga salovotlar bo‘lsin) shunday marhamat qiladilar: «Bahorni ko‘rganingizda qiyomatni ko‘proq eslang». Yaratilishning buyukligi to‘g‘risida tafakkur qilish va tabiatdagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratish qalbning uyg‘onishiga turtki, Allohni eslash vositasi hamda insoniyatning taraqqiyoti va yuksalishi yo‘li hisoblanadi. Buyuk shoir Sa’diy Sheroziy bu to‘g‘rida shunday degan:

    Turgin, g‘animat bilgin ul bahor yellarini,

    Qushlarning kuylashi-yu lolazor xush hidini.

    Barcha gulu yaproqlar Yaratganni eslagay,

    Bulbulu musicha ham kuylar Xudo yodini.

    Hijriy-shamsiy yangi asrda oliy ilohiy va insoniy qadriyatlar tomon harakat yanada tezlashib, bu asr mamlakatingizda yashovchi barcha kishilar uchun Navro‘z kabi yanada quvonchliroq va musafforoq kunlar, mintaqaning barcha xalqlari uchun esa yanada mustahkamroq tinchlik va yakdillik olib keladi, deb umid qilaman. Eron Islom Respublikasi ushbu madaniy birdamlikni mustahkamlash mintaqa va jahondagi barcha mamlakatlar uchun tinchlik va osoyishtalik olib keladi, deb hisoblaydi hamda bu yo‘lda samimiylik bilan barcha mamlakatlarga o‘zining do‘stlik qo‘lini cho‘zadi.

    Qodir Egamdan Siz janobi oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyat, do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasi xalqiga baxt-saodat va farovonlik ato etishini so‘rab, yangi yilning sizlar uchun xayr-barakaga to‘la bir yil bo‘lishini tilab qolaman.

    Hasan Ruhoniy,

    Eron Islom Respublikasi Prezidenti

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

    Siz Janobi Oliylariga o‘z salomlarimizni va samimiy tilaklarimizni mamnuniyat bilan yullab, Sizga bardavom soglik, baxt-saodat, o‘zbek xalqiga esa Sizning okilona rahbarligingiz ostida yanada yuksalish va taraqqiyot tilaymiz.

    Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga samimiy tabriklarimizni taqdim etib, yurtingiz rivoji yulida qilayotgan barcha say’-harakatlaringizni amalga oshishiga hamda ushbu yil Siz va xalqingiz uchun yaxshilik, baxt va quvonch yili bo‘lib qolishiga tilakdoshmiz.

    Bizlarni birlashtirib turgan mustahkam do‘stlik, birodarlik va sheriklik rishtalarini do‘st xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida turli sohalarda yanada yuksak cho‘qqilarga olib chiqishga bo‘lgan intilishlarimiz yuqori ekanini Siz Janobi Oliylariga ta’kidlab o‘tamiz.

    Bayramingiz muborak bo‘lsin, doimo Allohning panohida bo‘ling!

    Samimiy ehtiromlar ila,

    Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

    Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi

    Shuningdek,

    Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev,

    Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos,

    Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon,

    Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,

    Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev,

    Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy va boshqalar tabrik yo‘llagan.

    Qutlovlar kelishi davom etmoqda.