Nizomga koʻra, davlat granti “Yangi Oʻzbekiston” universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oladigan talabgorlar uchun ajratiladi.
Davlat granti quyidagilarga taqdim etiladi:
- xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
- Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
- Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) gʻoliblariga;
- Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston fuqarolariga;
- Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.
Davlat grantini olgan talabalar Universitetni tamomlagach Prezident taʼlim muassasalari agentligi yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.
Shuningdek qaror bilan, Oʻzbekistondagi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi belgilandi.
Bunda Prezident maktablari bitiruvchilariga toʻlov-kontrakt summasining BHMning 100 baravarigacha qismi qoplab beriladi.
Talabgorlar oʻquv yilining 15-dekabrigacha Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi (oʻqishga qabul qilinganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va toʻlov-kontrakt shartnomasi ilova qilinadi).
Subsidiya olgan talabalar Universitetni tamomlagach Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi boʻyicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.
Magistratura yoki doktoranturada oʻqish davom ettirilgan taqdirda, ushbu muddat magistratura yoki doktoranturada oʻqish davri tugagandan soʻng boshlanadi.