Ayniqsa, iqtidorli yoshlarga yoʻl koʻrsatish, ularga ham maʼnan, ham moddiy yordam qoʻlini choʻzish orqali ularning isteʼdodlarini yana-da yuzaga chiqarishga turtki berish mumkin.
Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratish, ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning ilm-fanga boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish, shuningdek, akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish maqsadida mamlakatimizda qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2020-yilning 3-dekabrida “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish uchun ilgʻor xorijiy mamlakatlar malakali ekspertlarni jalb qilish, litsey oʻquvchilarining kamida bitta xorijiy tilni puxta oʻzlashtirib chiqishi uchun dars mashgʻulotlariga yuqori malakali pedagoglarni jalb qilish, taʼlim infratuzilmasini muntazam ravishda rivojlantirib borish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni akademik litseylarga saralab olish, shuningdek, chuqurlashtirilgan taʼlim dasturlari asosida oʻqitish, akademik litseylardagi mavjud moddiy-texnik bazani mustahkamlab borish, bilimlarni mustaqil shakllantirish uchun sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish kabilar yuqorida keltirilgan qarorda alohida belgilab oʻtildi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyida ham bir qator istiqbolli rejalar amalga oshirildi. Jumladan, mazkur oʻquv yilida oʻquvchilar ichida tanlov eʼlon qilinib, eng iqtidorli aʼlochi oʻquvchilardan 10 nafariga “Akademik litseyimiz iftixori» stipendiyasi, 25 nafariga esa “Rektor stipendiyasi” berildi.
Pedagog xodimlarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida oʻquvchilari viloyat va respublika olimpiadalarida sovrinli oʻrinlarni egallagan va 70 foizdan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan pedagog xodimlarning 10 nafariga 30 foizgacha qoʻshimcha ustama haqi belgilandi.
Shuningdek, akademik litsey faoliyatini rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan 1 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, ushbu mablagʻlar hisobidan 2 ta zamonaviy IT xonalari tashkil etildi. Bu IT xonalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun 30 ta zamonaviy “monoblok” kompyuterlar oʻrnatildi.
Shu bilan birga, litsey oʻquvchilariga qulaylik yaratish maqsadida 20 dona televizor, 16 dona proyektor, 10 dona kompyuter jamlanmasi sotib olindi. Oʻqituvchi va oʻquvchilarning ommaviy sport bilan shugʻullanishlari uchun sport anjomlari, kutubxonadan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida kutubxonaga zamonaviy adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalari olib kelindi. Shuningdek, oʻquvchilar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun jami 49 million soʻmlik 22 turdagi sport jihozlari va 9 turdagi musiqa asboblari bilan taʼminlandi.
Bundan tashqari, davlat byudjeti hisobidan ajratilgan 200 million soʻm pul mablagʻlari evaziga litseyimizda taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Olib borilayotgan taʼmirlash ishlaridan koʻzlangan asosiy maqsad oʻquvchilarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun sport zali hamda isitish tizimi, shuningdek, yaroqsiz holga kelib qolgan ovqatlanish va oʻquv xonalarini zamon talablariga mos ravishda rekonstruksiya qilish va jihozlashdan iboratdir.
Akademik litseyda taʼlim yoʻnalishlari borasida gapiradigan boʻlsak, 2021/2022 oʻquv yili uchun umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9-sinf iqtidorli oʻquvchilarini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi:
– Xorijiy tillar oʻzbek guruhi (ingliz, nemis, fransuz tillari);
– Xorijiy tillar rus guruhi (ingliz tili);
– Sharq tillari (koreys, yapon, xitoy, arab tillari);
Hozirda ushbu taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul davom etmoqda va saralash bosqichlari oʻtkazilib kelinmoqda. Xalqaro olimpiadalar, tanlovlar, musobaqalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tashkil etilgan fan olimpiadalari III bosqichida 1 dan 5 gacha boʻlgan oʻrinlarni egallagan 9-sinf oʻquvchilari saralash imtihonidan ozod etiladi va akademik litseyimizning taalluqli taʼlim yoʻnalishiga belgilangan qabul kvotasidan tashqari imtihonsiz qabul qilinadi.
Yuqorida keltirilgan taʼlim yoʻnalishlaridan ham maʼlumki, litseyimiz toʻliq chet tillarini mukammal oʻzlashtirishga ixtisoslashganligidan darakdir. Unda tahsil oladigan har bir oʻgʻil-qiz chet tillarning maftunkor olamiga qadam qoʻymoqda. Kelgusida ular el-yurtimiz shuhrati va salohiyatini butun dunyoga koʻz-koʻz etadi degan umiddamiz.
Aholi orasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish va ularni mukammal oʻzlashtirish uchun zarur sharoitlar yaratish, oʻqituvchilarda zamonaviy oʻqitish koʻnikmalarini rivojlantirish hamda hududlar, tarmoqlar va taʼlim muassasalarining xorijiy tillarni oʻzlashtirgan mutaxassislarga ehtiyojlarini tahlil qilish natijalari asosida talab yuqori boʻlgan xorijiy tillarni oʻqitishni tashkillashtirish kabi ustuvor vazifalar yuqoridagi qaror bandlaridan oʻrin olgan.
Shundan kelib chiqib, Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi toʻliq chet tillarini oʻqitishga ixtisoslashgan. Oʻquvchilarga oʻzlari tanlagan xorijiy tillarni mukammal oʻrgatish maqsadida xorijning malakali mutaxassilari hamda Samarqand davlat chet tillar institutining yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilish ishlari yoʻlga qoʻyildi. Hozirda litseyimizda faoliyat yuritayotgan 90 nafar oʻqituvchidan 5 nafari ilmiy darajaga ega, 46 nafari xalqaro va milliy til bilish sertifikatlariga ega. Oʻqituvchilarning bu kabi sertifikatlar sohibi boʻlishlari uchun Samarqand davlat chet tillar instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan bepul saboq berilib, muntazam ravishda ularning malakasini oshirish borasida yaqindan koʻmak berib kelinmoqda. Litseyimiz xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashgani uchun bu yerda bevosita 6 nafar xorijlik malakali mutaxassislar ham faoliyat olib boradi. Kelgusida oʻquv jarayonlariga xorijlik mutaxassislarni yana-da koʻproq jalb qilish choralarini koʻramiz.
Bugungi kunda Akademik litseyimizda 700 ga yaqin oʻquvchi tahsil oladi. Ularni turar-joy bilan taʼminlash maqsadida Samarqand davlat chet tillar instituti talabalar turar joyidan 100 ta oʻrin ajratilib, uch mahal imtiyozli ovqat bilan taʼminlanadi.
Bu kabi imkoniyatlarning samarasi oʻlaroq, litsey oʻquvchilari bir qator yutuqlarga erishib kelmoqdalar.
Joriy oʻquv yilida akademik litseylar, kasb-hunar hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan Respublika olimpiadasida Akademik litseyimiz oʻquvchilari ham faol qatnashishdi.
Natijalariga koʻra, 2-bosqich oʻquvchisi Iroda Mamatmurodova nemis tili fanidan Respublika bosqichida faxrli 2-oʻrinni egallab litseyimiz shaʼnini himoya qildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan sportning “100 katakli shashka” turi boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatida yurtimiz yoshlari qatorida litseyimiz oʻquvchisi Ikrom Abdurasulov ham ishtirok etib, musobaqaning «Blits» yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, “Oʻzbekiston chempioni”dek faxrli nomga sazovor boʻldi. Ikrom Abdurasulov gʻoliblik bilan bir qatorda yurtimizdagi davlat oliy taʼlim muassasalariga grant asosida oʻqishga kirish imkoniyatini ham qoʻlga kiritdi.
Amalga oshirilayotgan barcha istiqbolli rejalarimiz kelajakda oʻquvchi-yoshlarning mukammal bilim olib, oʻz sohasining ustasi boʻlib yetishishida muhim oʻrin egallaydi, degan umiddamiz. Maqsadimiz oʻquvchilarimizning fanlarni chuqur oʻzlashtirishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishdir.
Zero, biz ishonamizki, taʼlimga qaratilgan eʼtibor hech qachon oʻzining samarasini bermay qolmaydi. Shijoatli yoshlarimiz berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, el koriga yaraydigan farzandlar boʻlib yetishib chiqajak.
Zokir BAZAROV,
Samarqand davlat chet tillar instituti
akademik litseyi ijrochi direktori.