Xalqaro kuzatuvchini Oʻzbekiston Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi raisi J.Nuritdinov kutib olib, viloyatda olib borilayotgan saylovga tayyorgarlik ishlari, okrug saylov komissiyasi va 284 ta uchastka saylov komissiyalari toʻgʻrisida maʼlumotlar berdi.
Saylovda viloyatdagi uchastka saylov komissiyalarida 3 511 nafar aʼzo faoliyat yuritadi. Ularning 2 546 nafari ilgari ham saylovlarda ishtirok etgan, 1 646 nafari ayollar, 718 nafari 21-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Komissiya aʼzolarining 524 nafari oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, 129 nafari huquqshunoslar, 2 922 nafari pedagoglar va boshqa sohalar vakillari boʻlib, barchasi saylov qonunchiligidan xabardor fuqarolardir.
Xalqaro kuzatuvchi Guliston shahrida joylashgan 15, 19, 20-saylov uchastkalarida boʻldi. Saylovga hozirlik doirasida olib borilayotgan ishlar, pandemiya sharoitida saylovchi va kuzatuvchilarga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Uchastka saylov komissiya raislari bilan suhbatlashdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.
– Sirdaryoda men 2019-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. Bu qisqa davrda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganligining guvohi boʻldim. Prezident sayloviga ham yuksak darajada tayyorgarlik koʻrilganligining shohidi boʻldim, –deydi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshligʻi Yevgeniy Kozyak. –Oʻtkazilayotgan saylov nafaqat Oʻzbekiston, balki MDH mamlakatlari va xalqlari uchun ham ahamiyatlidir.