Okrug saylov komissiyasi raisi Mahmud Boltaboyev mehmonga hududda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, xozir viloyat boʻyicha 963 ta saylov uchastkasi faoliyat koʻrsatadi. Oʻtgan vaqt davomida barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa meʼyoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini eʼtiborga olgan holda binolarga nishab yoʻlaklari barpo etildi.

Toshkent viloyati boʻyicha uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining umumiy soni 12 ming 386 nafarni tashkil etadi. Oʻz navbatida ularning tarkibi shakllantirilganda koʻp millatlilikka ham alohida eʼtibor berildi. Jumladan, 87 nafar qoraqalpoqlar, 1 ming 557 nafar qozoqlar, 116 nafar ruslar, 568 nafar tojiklar, 18 nafar koreyslar va 252 nafar boshqa millat vakillari aʼzolikka qabul qilingan. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi Saylov Kodeksi talablari asosida tuzilgan. Joylarda targʻibot ishlarini olib borish maqsadida, chaqiruv plakatlari, saylovga oid stendlar va boshqa targʻibot materiallari belgilangan joylarga tartib bilan oʻrnatildi.

Uchrashuvda xorijlik mehmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarini koʻrsatgan siyosiy partiyalarning hududda oʻtkazayotgan targʻibot tadbirlari, aholi bilan uchrashuvlari haqida ham oʻzini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shundan soʻng Yevgeniy Kozyak Nurafshon shahrida tashkil etilgan saylov uchastkalari faoliyati bilan ham tanishdi. Saylov kodeksining 49-moddasiga asosan hududda 21 ta saylov uchastkasi tuzilib, barcha zarur jihozlar bilan taʼminlandi. Saylov uchastkalariga olib boriladigan yoʻllar asfalt yotqizildi.

Uchastka saylov komissiyalari aʼzolari, mahalla fuqarolar yigʻinlari va profilaktika inspektorilari bilan hamkorlikda xonadonma xonadon yurib xatlov ishlari olib borildi. Unga koʻra, saylovchilar soni 24 ming 101 nafarni tashkil etmoqda.