MDH kuzatuvchilari missiyasi aʼzolari Yevgeniy Kozyak va Denis Varganov Nurafshon shahridagi 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi binosida boʻlib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Okrug saylov komissiyasi raisi Ulugʻbek Toʻxtayev kuzatuvchilarga hududda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Oʻtgan vaqt davomida joylardagi barcha saylov uchastkalari saylovga oid qonun va boshqa meʼyoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlandi. Jismoniy harakati cheklangan saylovchilar imkoniyatini eʼtiborga olgan holda binolarga nishab yoʻlaklari barpo etildi.
Toshkent viloyati boʻyicha uchastka saylov komissiyasi aʼzolari tarkibi Saylov kodeksi talablari asosida tuzilgan. Joylarda targʻibot ishlarini olib borish maqsadida, chaqiruv plakatlari, saylovga oid stendlar va boshqa targʻibot materiallari belgilangan joylarga tartib bilan oʻrnatildi.
Uchrashuvda xorijlik kuzatuvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Shundan soʻng ular Nurafshon shahrida tashkil etilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari qay darajada boʻlayotgani bilan ham tanishdi.
10-Toshkent viloyati
okrug saylov komissiyasi matbuot markazi.