Imtihonning 1-bosqichi yakunlandi. Unda jami 10 mingga yaqin ishtirokchi roʻyxatdan oʻtdi (shundan 36 foizi yoshlar).

Toshkent shahri Yashnabod tumanida istiqomat qiluvchi 66 yoshli Atayeva Yaxshigul eng yoshi katta faol ishtirokchi boʻldi.

Imtihonda eng koʻp ishtirokchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻona viloyatidan qatnashgan boʻlsa, eng yaxshi oʻrtacha natijani Toshkent shahar va Navoiy viloyati qayd etdi (10 ball).

Respublika boʻyicha barcha ishtirokchilarning 20 ta testdan oʻrtacha toʻgʻri javob berish koʻrsatkichi 8 tani tashkil etdi (Maʼlumot uchun: Umummiliy Konstitutsiya imtihonida oʻrtacha koʻrsatkich 11 tani tashkil etgan).

Test natijalariga koʻra, savollarni eng koʻp va eng tez bajargan hamda 1 ta ijodiy savolga javob bergan 50 nafar ishtirokchi elektron tizim orqali aniqlandi.

Imtihon shartiga koʻra, ushbu ishtirokchilarning ijodiy savolga javoblari baholanib, shundan 10 nafari final bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

Final bosqichi 4-mart kuni soat 10:00 da videokonfrensaloqa shaklida boʻlib oʻtadi, deb xabar bermoqda Huquqiy axborot telegram kanali.