Mazkur imtiyozlardan biriga ega boʻlgan abituriyent mandat.dtm.uz saytining “Imtiyozli” boʻlimidan tegishli imtiyoz turini tanlagan holda ushbu imtiyozga ega abituriyentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrishi va imtiyoz doirasida nechanchi oʻrinda turganini bilishi mumkin.

Bunda abituriyentlarning roʻyxati ularning toʻplagan ballari asosida tartiblanadi va mazkur imtiyoz doirasida ajratilgan qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari soni koʻrsatiladi.

Xotin-qizlar uchun beriladigan imtiyoz abituriyent qaysi OTMga topshirganidan qatʼiy nazar uning doimiy roʻyxatda turgan hududi boʻyicha qoʻllaniladi va kunduzgi taʼlim shakli uchun amal qiladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslar hamda “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari boʻlgan chin yetimlar uchun beriladigan imtiyoz esa har bir taʼlim shakli uchun oliy taʼlim muassasasi kesimida qoʻllaniladi.

Imtiyoz doirasida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar barcha abituriyentlar kabi umumiy tanlovda ham ishtirok etadi.