YAqinda poytaxtimizning Sergeli, CHilonzor va Uchtepa tumanlaridan kelib bir hafta davomida maxsus o'quv treninglarida qatnashgan 50 nafarga yaqin xotin-qizlarga   maxsus o'quv kursini bitirganlik  to'g'risidagi   sertifikat hamda imtiyozli  kredit olish huquqini beruvchi diplomlar topshirildi. Ular bu sertifikat bilan endi banklardan imtiyozli kreditlar olib, o'z tadbirkorligini yo'lga qo'yishlari mumkin.

Sertifikat sohiblari, asosan, ishsiz, ruhan tushkunlikka tushgan, moliyaviy jihatdan qiynalgan  xotin -qizlardan iborat.

 —O'quv kurslarimizdan xabar topib, izlab kelishayotgani quvonarlidir, — deydi  markaz rahbari Vazira Yo'ldosheva. — Sertifikat olganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Ularning iqtidori va intilishini ko'rib xursand bo'ldim.

 Keyingi trening- mashg'ulotlarimizda asosan yosh yigitlarni o'qitishni rejalashtiryapmiz. erkak kishi hunarli bo'lishi kerak. Biz o'shanda juda ko'p  muammolarning oldini olgan bo'lamiz. Ayollar ishbilarmonligi  bilan bog'liq muammolarni o'rganish asnosida band  bo'lmagan   xotin-qizlar uchun maxsus trening o'quvlari  hajmini yanada kengaytirishni maqsad qildik.  

Markaz tomonidan tashkil etilayotgan maxsus trening- mashg'ulotlarida xotin-qizlar  pul topish, ishlatish, tejash hamda mablag'ni maqsadli sarflash bo'yicha o'z bilimlarini oshiradilar. Tadbirkorlikka xos bo'lgan psixologik tayyorlov kurslarini o'taydilar.

Toshkent shahar xotin-qizlar tadbirkorlik markaziga  yoshlarning ko'p murojaat qilayotgani bejiz emas. CHunki markazda yoshlar tadbirkorligi bo'yicha “yo'l xaritasi” ishlab chiqilib, mahalla  va  ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Bunday  aniq manzilli ishlar  o'z samarasini bermoqda.

Toshkent shahar ayollar tadbirkorlik markazi matbuot xizmati.