YAqinda poytaxtimizning Sergeli, CHilonzor va Uchtepa tumanlaridan kelib bir hafta davomida maxsus o'quv treninglarida qatnashgan 50 nafarga yaqin xotin-qizlarga maxsus o'quv kursini bitirganlik to'g'risidagi sertifikat hamda imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi diplomlar topshirildi. Ular bu sertifikat bilan endi banklardan imtiyozli kreditlar olib, o'z tadbirkorligini yo'lga qo'yishlari mumkin.
Sertifikat sohiblari, asosan, ishsiz, ruhan tushkunlikka tushgan, moliyaviy jihatdan qiynalgan xotin -qizlardan iborat.
—O'quv kurslarimizdan xabar topib, izlab kelishayotgani quvonarlidir, — deydi markaz rahbari Vazira Yo'ldosheva. — Sertifikat olganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Ularning iqtidori va intilishini ko'rib xursand bo'ldim.
Keyingi trening- mashg'ulotlarimizda asosan yosh yigitlarni o'qitishni rejalashtiryapmiz. erkak kishi hunarli bo'lishi kerak. Biz o'shanda juda ko'p muammolarning oldini olgan bo'lamiz. Ayollar ishbilarmonligi bilan bog'liq muammolarni o'rganish asnosida band bo'lmagan xotin-qizlar uchun maxsus trening o'quvlari hajmini yanada kengaytirishni maqsad qildik.
Markaz tomonidan tashkil etilayotgan maxsus trening- mashg'ulotlarida xotin-qizlar pul topish, ishlatish, tejash hamda mablag'ni maqsadli sarflash bo'yicha o'z bilimlarini oshiradilar. Tadbirkorlikka xos bo'lgan psixologik tayyorlov kurslarini o'taydilar.
Toshkent shahar xotin-qizlar tadbirkorlik markaziga yoshlarning ko'p murojaat qilayotgani bejiz emas. CHunki markazda yoshlar tadbirkorligi bo'yicha “yo'l xaritasi” ishlab chiqilib, mahalla va ta'lim muassasalari bilan o'zaro hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Bunday aniq manzilli ishlar o'z samarasini bermoqda.
Toshkent shahar ayollar tadbirkorlik markazi matbuot xizmati.