Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, hududiy bosh boshqarmalari rahbariyati, Markaziy bankning tasarrufidagi korxonalari masʼullari va rahbar xodimlari, tijorat banklarining gender masalalari boʻyicha Kengashlari raislari ishtirok etdi.
Davra suhbatida taʼkidlanganidek, bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonova soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda gender tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrilganini taʼkidlab oʻtdi.
Qayd etish joizki, oʻtgan vaqt davomida xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan qonun hujjatlari va normativ hujjatlar qabul qilindi. 2021-yilda Oʻzbekistonda 2030-yilgacha moʻljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Hujjatda boshqaruvda xotin-qizlar sonini koʻpaytirish, gender nomutanosibligini kamaytirish, taʼlim olishga imkoniyat yaratish, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish nazarda tutilgan.
Jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xususan, iqtisodiyotda ayollarning ishtirok etishi jamiyat taraqqiyotiga va uning barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.
Markaziy bank ham oʻz faoliyatida gender inklyuzivlikni oshirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Xususan, Markaziy bankda, hamda barcha tijorat banklarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat-kengashlari tashkil etildi. Bank tizimi tomonidan xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida faol ishlar olib bormoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 2021-2023-yillarga moʻljallangan moliya tizimi va tadbirkorlikda gender inklyuzivligini oshirish masalalari boʻyicha harakatlar rejasi ishlab chiqildi va Oʻzbekiston bank sohasida gender inklyuzivligini kuchaytirish boʻyicha qoʻshma loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Davra suhbatida mamlakatimiz bank sohasida ayollarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir tadbirlarni amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash borasida olib borilayotgan bu va boshqa ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan OAV vakillari qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.