Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish – ustuvor masala

    Mamlakatimizda 1 Iyul 2022 1494

    Joriy yil 30-iyunda Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, vazirlik masʼullari, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda xorijda ishlab qaytgan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻining axboroti eshitildi.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan xorijda ishlab qaytgan mehnat migrantlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlash boʻyicha muayyan ishlar bajarilgani qayd etildi.

    Xususan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida agentlikning xorijda 19 ta vakillik instituti, shu jumladan, Rossiya Federatsiyasida – 16 ta, Koreya, Qozogʻiston va Turkiyada – 1 tadan tashkil etilgan. Taʼkidlanganidek, 2022-yilning 5 oyi davomida agentlik va uning vakillik institutlari, Oʻzbekistonning chet el davlatlaridagi konsullik muassasalari tomonidan 17,6 ming nafar ayolga, shu jumladan, 16,6 ming nafariga axborot va maslahatlar, 383 nafariga huquqiy yordam, 546 nafariga ijtimoiy yordam, 148 nafariga moddiy yordam koʻrsatilgan.

    “Mahalla – mehnat organlari – sektor – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiali” tizimi asosida xorijdan qaytgan 343,7 ming mehnat migrantlarining (xotin-qizlar – 74,8 ming nafar) 285 ming nafari (83%) uyma-uy yurib oʻrganildi. Mehnat organlari yordamida mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan 36,9 ming nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda barcha hududlarda mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha “Tadbirkor migrant” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan.

    2022-yilning 5 oyi davomida 278 nafar xotin-qiz tadbirkorlikka oʻqitilib, ularning 168 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan. Ushbu xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalariga oʻz mablagʻlari hisobidan 376 million soʻm, bank kreditlari hisobidan 1,4 milliard soʻm – jami 1,8 milliard soʻm mablagʻ jalb etilgan. Yangi tashkil etilgan korxonalarda 400 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.

    Senatorlar tomonidan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hukumat oldida turgan ustuvor masalalar sirasiga kirishi qayd etildi.

    Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.