Ushbu bayramona kunda shafqatsiz urush maydonlaridan qaytmagan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruh poklariga hurmat bajo keltiramiz va jangda mardlik, jasorat koʻrsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun oramizda sogʻ-omon yurgan faxriylarimizga taʼzim qilamiz, hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.
Bu dahshatli urush, butun insoniyat qatori, bizning xalqimizga ham mislsiz kulfat va yoʻqotishlar olib kelgani shubhasiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida xalqimizning mardligi, bagʻrikengligini alohida taʼkidlab shunday deydi:
— “Butun dunyoda millionlab insonlar halok boʻlishiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talofat va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlganini hech kim unutmaydi. Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok boʻlganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan, “Sen yetim emassan” deb oʻz bagʻriga olgani xalqimizning naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak maʼnaviyatini yaqqol namoyonetdi.”
Mamlakat rahbari toʻgʻri taʼkidlaganidek, oʻshamaʼshum yillarda sharoit ogʻir boʻlishiga qaramay. uyda qolgan xotin-qizlar, keksalar va bolalar qishloq xoʻjaligida, zavod va fabrikalarda kechayu kunduz mehnat qilib, oʻzlari yemay-ichmay, hatto kiymay barcha topganlarini frontga joʻnatgan. Bu ham bugungi avlodga namuna boʻlgulik qahramonlik va jasoratning yorqin ifodasidir.
Shuningdek, Prezidentimiz Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdaginutqida “Biz sizlarning timsolingizda oʻzining dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogoʻy boʻlib yurgan moʻtabar insonlarni koʻramiz. Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hayot yoʻllarida duch kelayotgan turli qiyinchilik va muammolarni, hozirgi kunda boshimizga tushgan sinovlarni yengib oʻtishda biz sizlarning mislsiz sabot va matonatingizdan, qatʼiyatingizdan doimo kuch va ibrat olamiz. Yosh avlodimizni Vatanga, xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz sizlarni doimo oʻrnak deb bilamiz va kelgusida ham shunday boʻlib qoladi”, deb taʼkidlagan edi.
Bugun mamlakatimizda ajdodlarimizning ezgu ishlari, boy madaniy merosi, muborak xotirasini ulugʻlash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson manfaatlarini oliy qadriyat darajasiga koʻtarishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarda,xalqimizning ijtimoiy-siyosiy hayotini, maʼnaviy olamini yuksaltirishga xizmat qilishdek ezgu maqsad va ulugʻvor vazifalarning mushtarak ifodasini koʻrish mumkin.
Yurtboshimiz oʻsha nutqida har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida Gʻalaba bogʻi, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etilganligi,xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bagʻishlangan keng koʻlamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratilganligini ham alohida qayd etib— “Katta gʻurur va iftixor bilan taʼkidlab aytmoqchiman.Gʻalaba bogʻining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha Oʻzbekistononalariga qoʻyilgan haykal , ona Vatan ramzi boʻlib qad rostladi. Hech shubhasiz, ushbu yodgorlik butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qutlugʻ ziyoratgohga, oila, sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat degan muqaddas tushunchalar timsoliga aylanib qoladi. Bu yerga qadam qoʻygan har bir yigit-qiz millatimizning qonida, suyagida boʻlgan noyob maʼnaviy fazilatlarni asrab-avaylab, qadrlab yashash uchun mana shunday ulugʻ insonlardan tarbiya va ibrat oladi, deb ishonaman”— degan edi Prezident.
Shon-sharaf muzeyiga kirarkansiz, u yerdagitarixiy fakt va voqealar zamonaviytexnologiyalar interaktiv usullar yordamida aksettirilganini,
har bir eksponatda shonli tarix oʻz ifodasinitopganini koʻrasiz va beixtiyor oʻsha suronli davrgaqaytgandek boʻlasiz. Muzeyga kirish qismidaOʻzbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulovtomonidan chizilgan 22 metrlik panno joylashtirilgan. Ikkinchi jahon urushiyillarida oʻzbekistonlik yigitlarning frontgajoʻnatilayotgani oila azolari bilan vidolashuvonlari aks etgan.
Shuningdek, II Jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlanganligi, oldin 1,5 million kishi urushda ishtirok etgan deb hisoblanganligi, yangi topilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani maʼlum boʻldi. Demak, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilganligi asoslab berildi. Undan tashqari “quloq” sifatida boshqa oʻlkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani, urushda 396 ming emas, 538 ming Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlganligi, 158 mingdan koʻproq hamyurtimiz urushda bedarak ketganligi, yangi maʼlumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi.
Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor boʻlgani hujjatlar orqali oʻz tasdigʻini topganligi haqidagi tarixiy va ilmiy manbalar ham muzeydan oʻrin olgan .
Prezidentimizning ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan Zulfiya aya Zokirovaning matonati va kelinlarining oʻz yoriga, oilasiga sadoqati, oʻzbek ayollarining, oʻzbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati, sevgi va vafo madhiyasi, yosh avlodimiz uchun namuna va oʻrnak, chinakam ibrat maktabi ekanligi haqidagi soʻzlari - barchaning qalbiga faxr, iftixor va masʼuliyat tuygʻularini yanada chuqur singdiradi.
Shuningdek Shon-sharaf muzeyida olovli urush yillarida butun Oʻzbekiston xalqi “Hamma narsa – front uchun”, “Hamma narsa – Gʻalaba uchun!” degan hayotiy eʼtiqod bilan yashaganligi, jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarogʻ, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berganligi, 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarilganligi, front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, gʻoyat qisqa fursatda ishga tushirilishi, minglab urush qatnashchilari mamlakatimizda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolanib shifo topganligi, yangi aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, urush oʻchogʻiga aylangan oʻlkalardan Oʻzbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilinganligi, xalqimiz ularga chinakam mehr va eʼtibor koʻrsatib, soʻnggi burda nonini ham ular bilan baham koʻrib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etganligi ham haqida ham aniq va toʻliq maʼlumotlar olish mumkin..
Urush yillarida Oʻrta Osiyo industrial instituti hozirgi Toshkent Davlat texnika universiteti jamoasining ham gʻalabaga qoʻshgan hissasinialohida taʼkidlab oʻtish oʻrinli deb bilaman. 1941-yilda institutning 628 talabasi, 200dan ortiq professor-oʻqituvchilari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari koʻngilli ravishda Vatan himoyasiga otlanganlar. Jumladan, fakultet dekani G.Mavlanov, kafedra mudirlaridan I.A.Medvedev, professor-oʻqituvchilar I.M.Mirxodjayev, G.R.Rizayev, X.R.Rustamov, A.Zufarov, K.S.Axmedov, B.U.Umarov, V.A. Mirbobayev, N.Qodirov, N.S.Stefanyuk, A.O.Ortiqov va boshqalarni hurmat bilan tilga olamiz. Hozirda ham Universitet bilan aloqada boʻlib turgan A.X.Xamidov, S.Ubaydullayevlarning oʻtmish xotiralari talabalarimizni vatanparvarlik, oʻz kasbiga muhabbat ruhida tarbiyalashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Urushning suronli yillarida harbiy harakatlar ketayotgan hududlaridan koʻchirib keltirilgan 12ta oliy texnika oʻquv yurtlari jamoalari Industrial institut safiga qoʻshilib, 28ta ixtisoslik boʻyicha kadrlar tayyorlana boshladi, institut jamoasi zavodlar, GESlar qurilishi, konchilik ishlarida faol ishtirok etishdi, mudofaaga xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi, urush yillarida fanning dolzarb sohalari boʻyicha 12ta fan doktori, 40dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilinganligi institut olimlarining fidokorona mehnat bilan gʻalabaga qoʻshgan hissasi bizlarni bugungi kunda yurtimiz ravnaqi yoʻlida izlanishlar olib borishga ilhomlantiradi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan qarorining yana bir muhim ahamiyati shundaki, unda ikkinchi jahon urushida qurbon boʻlgan ota-bobolarimizni eslash, balki bugungi tinch va osoyishta hayot, musaffo osmon uchun jon fido qilgan barcha insonlarni yod etish, bizning kim ekanimiz, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho merosning vorislari ekanimizni hech qachon unutmaslikka, ana shunday oʻlmas qadriyatlar, ezgu gʻoyalar uchun kurashib yashashga chorlaydigan daʼvatkor kuch ekanligidadir.
Shu oʻrinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yili soʻzlagan nutqidagi, quyidagi bir qator salmoqli fikr va gʻoyalarni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.
Yurtboshimiz oʻz nutqida “Bugun biz sizlar bilan birgalikda yangi Oʻzbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi hayot, beqiyos oʻzgarishlar hammamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yanada katta safarbarlikni talab etmoqda. Bu jarayonda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jahon hamjamiyati, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlikni kuchaytirishni biz eng muhim vazifamiz deb bilamiz”— deb alohida qayd etgandi. Prezidentning ushbu soʻzlari, mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosati, uzoq va yaqindagi qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirishga, umuminsoniy va milliy bagʻrikenglikning naʼmunasi boʻlib kelgan xalqimizni, yoshlarimizni buyuk kelajak uchun sidqidildan xizmat qilishga chorlaydi
Hech shubqasiz, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida yorqin voqea boʻlgan Yurtboshimizning ushbu nutqi mazmunini sinchiklab oʻrganar ekanmiz, uning zamiridagi yoshlarimizning koʻzinihaqiqatga ochib beradigan, irodasini mustahkam qiladigan oʻtkir fikr va gʻoyalar, ibratli xulosalar asosida maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya ishlarini yanada kuchaytirish bugungi kunda naqadar dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini chuqur anglaymiz.
Ha, xotira – inson hayoti va ongli faoliyatidagi eng muqaddas tuygʻu, takrorlanmas voqealar yigʻindisi, oʻtmish, bugun kun va kelajak oʻrtasidagi bogʻlovchi vosita, hissiyotlarning tarixiy koʻprigidir, oʻtmishni, tarixiy voqelarniajdodlarimiz siymosini gavdalanib turadigan oynadir. Qadriyat esa avlod-ajdodlari, ota-bobolaridan avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy, maʼrifiy, axloqiy boylikdir, qimmatlar, anʼanalar, urf-odatlar, bir soʻz bilan aytganda, noyob maʼnaviy merosdir.
“Xotira” va “Qadrlash” uygʻun boʻlgan jamiyatda, albatta barqarorlik, tinchlik, oʻsish, xayr va baraka boʻladi.
Rahbar Holiqova
Tarix fanlari doktori, professor