Klaster joriy yilda tumandagi fermer xoʻjaliklari bilan paxta yetishtirish boʻyicha shartnomalar tuzgan. Bugun mazkur klaster tomonidan bunyod etilgan qiymati 25 milliard soʻm boʻlgan paxtani qayta ishlash korxonasi foydalanishga topshirildi.
Ishchi-xodimlar, fermerlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan majmuaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Klaster homiyligi asosida tumandagi kam taʻminlangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarning 17 nafar farzandi uchun xatna toʻylari ham oʻtkazildi.
Marosimda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida klasterlarning oʻrni muhim ekanligini taʻkidlab, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan islohotlar dastlabki samaralarini berayotganligini aytib oʻtdi. Xususan, mazkur paxtachilik klasteri innovatsion texnologiya va ishlanmalarni amalga tatbiq etib, yangi ish oʻrinlarini tashkil etayotgani, yengil sanoatda esa qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratayotgani eʻtirof etildi.
2021-yilda qurilishi boshlangan korxona bir kunda 200 tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda 120 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
— Kelgusida korxona tarkibida qiymati 23,4 million AQSH dollariga teng ip kalava ishlab chiqarish, shuningdek, 9,3 million AQSH dollarilik mato (sochiq) ishlab chiqarish va boʻyoqlash loyihalari ham amalga oshiriladi, — deydi klaster rahbari Oybek Poʻlatov. — Ayni vaqtda bino-inshootlar qurib bitkazilgan.
Qayd etilishicha, mazkur loyihalar 2023-yilning oxiriga qadar ishga tushiriladi. Buning natijasida 1 500 nafar aholi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi. Mahsulotlarning 60 foizini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan.