Sirdaryo viloyatidagi birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarda tibbiy xizmat turlari kun sayin koʻpayib, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat koʻrsatish kulami oshib bormoqda. Muassasalar qiyofasi esa investitsiya dasturlari hisobiga yangi, zamonaviy koʻrinishga keltirilmoqda. 20 mingdan ziyod fuqaroga xizmat koʻrsatib kelayotgan Xovosdagi 5-sonli oilaviy poliklinika investitsiya dasturi hisobidan qayta rekonstruksiya qilinib bugun foydalanishga topshirildi.
Qayta rekonstruksiya qilingan mazkur oilaviy poliklinika uchun byudjetdan 2 milliard 200 million soʻmlik mablagʻ ajratilib, rekonstruksiya ishlarini pudratchi tashkilot "Boyovut qurilish savdo” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari “Mirzachoʻl agro qurilish loyiha” masʼuliyati cheklangan jamiyat loyihasi asosida amalga oshirdi.
Mazkur binoni ochilishida tuman hokimi Uchqun Kamolov, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlar doktori Rustam Yuldashev, mahalliy aholi hamda nuroniylar ishtirok etishdi. Ular oilaviy poliklinikaning yangi binosini, unda yaratilgan qulayliklarni, binodagi har bir xonani koʻzdan kechirishdi.
Mazkur poliklinika 5 ta mahalladagi 5 mingta oilaga xizmat koʻrsatadi. Poliklinika 150 qatnovga moʻljallangan. Bundan tashqari tuman tibbiyot markazi shu hududa yashovchi aholi uchun biroz uzoqlik qiladi. Bu masala ham inobatga olinib, 10 oʻrinli kunduzgi boʻlim ham tashkil etildi. Unda 5 nafar xotin qiz, 5 nafar erkak davolanish imkoniyatiga ega boʻlishadi.
Poliklinikada 15 nafar oilaviy shifokor, 30 dan ziyod patronaj hamshiralar faoliyat olib borishadi.
Ular Prezidentimizning 2020-yilni 30-oktyabridagi “sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va 2020-yilni 10-noyabridagi “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida aholiga yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari, semizlik, endokrin kabi yuqumli boʻlmagan, surunkali kasalliklarni kamaytirish va bartaraf etish yoʻllari , sogʻlom ovqatlanish yoʻllari haqida targʻibot tadbirlarini oʻtkazish bilan birga, aholini tibbiy xatlovdan oʻtkazish, antropometrik koʻrsatkichlarini oʻlchab chiqish borasida tumanda peshqadamlik qilishmoqda. Shu bugungi kungacha hududda istiqomat qilayotgan 20 mingdan ziyod aholini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, uni belgilangan tartibda xavf guruhlarga ajratib, elektron bazaga kiritish ustida ish olib borishyapti.
Xovos tumani hokimligi axborot xizmati