Xushxabar: belbog'li kurash rasman jahon ko'chmanchilar o'yinlari dasturidan joy oldi

    Joriy yil 29-sentyabr – 3-oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining Bursa viloyati Iznik shahrida IV Jahon ko'chmanchilar o'yinlari (etnosport) bo'lib o'tdi.

    Mazkur o'yinlarda milliy sport turimiz – belbog'li kurash bo'yicha ham 17 sportchimiz ishtirok etdi. Polvonlarimiz dastlab belbog'li kurash bo'yicha ko'rgazmali chiqish namoyish etdi. Turli ko'rinishda bajarilgan belbog'li kurash usullari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ldi.

    Shuningdek, vakillarimiz belbog'li kurash oilasiga kiruvchi sport turlari bo'yicha belgilangan vazn toifalarida bellashdi. O'ttizdan ortiq davlatdan yig'ilgan polvonlar orasida kurashchilarimiz 6 oltin, 6 kumush va 6 bronza medalni qo'lga kiritib, kuchlilar qatoridan joy olishga muvaffaq bo'ldi.

    Quvonarlisi, belbog'li kurash sport turi Jahon ko'chmanchilar o'yinlari dasturidan rasman joy oldi.

    Ilhom RAHMONOV