Joriy yil 17-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi raisligida videokonferensiya shaklida axborot almashish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining Yagona elektron platformasini yaratish boʻyicha Konsepsiya loyihasini kelishish boʻyicha ekspertlar guruhining (1chi) yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbir MDH Ijroiya qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari ekspertlari bilan bir qatorda Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi, shuningdek MDH Ijroiya qoʻmitasi va tarmoq hamkorligi organlarining vakolatli vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv muloqot ruhida oʻtgan yigʻilish chogʻida tomonlar Konsepsiya loyihasi matni yuzasidan fikr almashib, oʻz takliflarini taqdim etdi.
Umuman olganda tomonlar Konsepsiya loyihasini qoʻllab-quvvatladi va oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish sohasida elektron hujjatlar almashinuvini amalga oshirish imkonini beradigan huquqiy axborot almashish uchun MDH Yagona elektron platformasi oʻz vaqtida yaratilayotgani va maqsadga muvofiqligiga doir fikrda yakdil.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha tomonlar ekspert guruhining keyingi yigʻilishida Konsepsiya loyihasini muhokama qilish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, 2020-yil 18-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan MDH Davlat rahbarlari Sammiti davomida oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish sohasida koordinatsiyani kuchaytirish va huquqiy axborot almashish uchun Yagona elektron platformani yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan aloqador vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda axborot almashish uchun Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining Yagona elektron platformasini yaratish boʻyicha Konsepsiya loyihasi tayyorlanib, yana-da takomillashtirish uchun MDH Ijroiya qoʻmitasiga yuborildi.