Yagona interaktiv portalini yanada rivojlantirish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi

    Raqamlashtirish 30 Dekabr 2021 779

    Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida UZINFOCOM yagona integratori vakillari hamda TATU oʻqituvchi va talabalari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda taʼkidlanganidek, koʻplab oʻqituvchilar va rahbarlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishini chuqur oʻrganishdan manfaatdor. Bunday treninglarni oʻtkazish orqali oʻqituvchilarning oʻzlari kelajakda talabalarga interaktiv xizmatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari va shu orqali jamiyatimizning keng qatlamlariga xizmat koʻrsatish qamrovini kengaytirishga hissa qoʻshishlari mumkin boʻladi.

    UZINFOCOM vakillari Yagona portal faoliyatidagi yangiliklar, qiziqarli tafsilotlar, uning yaratilish tarixi haqida soʻzlab berdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, Yagona portal orqali bugun uch yuzdan ortiq elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni bor.