Oʻrganishda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Nukus koʻchasi va Bobur koʻchasi kesishmasidan boshlab, Bobur koʻchasi boʻylab avtomobil yoʻli yonidagi jami 144 tup daraxt (Mojjevelnik) kesib ketilganligi aniqlandi, deya xabar beradi Ekologiya, atrof–muhitni muxofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi maslahatchisi Rasul Kusherbayev oʻzining telegram sahifasida.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, ushbu daraxtlar Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari B.Rahmonovning oʻsib turgan daraxtlar oʻrniga boshqa daraxtlar ekish toʻgʻrisidagi topshirigʻiga asosan obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlangan.
“Bu Prezident Farmoniga asosan joriy etilgan moratoriy talablariga zid hisoblanadi”, — deb yozadi u.
Shu yilning 25-oktyabrdan daraxtlar kesilgan hududda manzarali daraxtlar ekish ishlari boshlab yuborilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tabiatga yetkazilgan zarar 620 mln 472 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Aniqlangan holatlar boʻyicha aybdorlarga tegishli jazo koʻrish uchun hujjatlar rasmiylashtirilib, prokuratura organlariga yuborish choralari koʻrilmoqda.
Ayni vaqtda prokuratura organlarining bu masalada xolis va qonuniy koʻmagi kerak. Chunki Yakkasaroy tumani ekologiya xodimlari bosim ostida ushbu holat boʻyicha tezkor chora koʻrish uchun oʻrganish va hujjatlarni rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyilmagan. Shu bois, holat Ekologiya vazirligi nazoratida oʻrganilmoqda.








