Shu bilan birga mis mahsulotlarini qazib olish va ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi 30 eng yirik korxona safidan joy olgan.
Bugunga kelib Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ochiq kon va yer osti maʼdanlarini qazib oladigan, boyitish va oltin saralash fabrikalari, metallurgiya va sement zavodlari, yirik energiya va transport tizimlari, rivojlangan infratuzilma va ijtimoiy soha obyektlarini birlashtirgan noyob sanoat majmuasidir.
Kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjirining boshlangʻich nuqtasi boʻlgan Qalmoqqir karyeri juda qulay geografik va iqtisodiy sharoitga ega Olmaliq-Angren sanoat mintaqasida joylashgan. Karyerning qurilishi 1954-yilda boshlangan, 1959-yil 1-iyulda esa Qalmoqqir konidan ilk marotaba maʼdan yuklandi va oʻsha vaqtdan beri uni muntazam ravishda belgilangan bashorat koʻrsatkichlari bajarib kelinmoqda.
— Hozir Qalmoqqir konida 41 ta ekskavator, 37 ta har biri 130 tonna yuk sigʻimiga ega BelAZ rusumli texnika, 17 ta burgʻilash uskunasi ishlayapti. Shu paytgacha kondan jami 1,5 milliard tonnaga yaqin ruda qazib olingan. Bu yil 33,5 million tonna ruda qazib olishni rejalashtirganmiz. Bu koʻrsatkich 2025-yilda 35 million, 2028-yilda 45 million tonnaga yetkaziladi. Aytish mumkinki, konda yetmish yilga yetadigan ruda zaxirasi mavjud, — deydi Qalmoqqir kon boshqarmasi texnik ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Aʼzam Asqarov. — Faoliyatimizga innovatsion texnologiyalarning tatbiq etilayotgani ishimiz unumdorligi va resurslarni tejash imkonini beryapti. Jumladan EKG rusumli ekskavatorlarning modernizatsiya qilinishi tufayli elktr energiyasini 1,5 baravargacha tejashga erishyapmiz.
Hozirgi kunda OKMKda keng qamrovli istiqbolli investitsiyaviy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Yoshlik-1 konini oʻzlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mazkur loyihani amalga oshirish natijasida:
birinchi bosqichda 2021–2025-yillarda 290 ming tonna mis katodi, 38 tonna oltin va 203 tonna kumush;
ikkinchi bosqichda 2024–2028-yillarda 400 ming tonna mis katodi, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush metallari ishlab chiqarishga erishiladi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, shu kunda Olmaliq loyihasi (Qalmoqqir va Yoshlik I) dunyoda oltin miqdori boʻyicha birinchi, ruda tarkibidagi oltin boʻyicha ikkinchi, ruda hajmi boʻyicha uchinchi, maʼdandagi mis miqdori boʻyicha oltinchi oʻrinda.