“Hududgaztaʼminot” AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda

    “Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda tabiiy gaz isteʼmolchilariga “zangori yoqilgʻi” toʻliq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchiliklar kuzatilmayapti.

    Olis hududlarga suyultirilgan gaz toʻliq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilmoqda. Hududlarda avariya holatlari kuzatilganda, mutaxassislar joyiga yuborilmoqda va ular muammolarni bartaraf etishmoqda.

    2023-yilning 9-dekabr kuni gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji isteʼmolchilarga 105 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bundan tashqari suyultirilgan gaz isteʼmolchilariga 2 224 tonna yoqilgʻi yetkazilgan.

    Muammolar kuzatilgan joylarda gaz taʼminotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan katta koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy koʻchasidagi avariya holati bartaraf etildi, ayni vaqtda unga qoʻshni boʻlgan V.Vohidova va Tafakkur koʻchalaridagi gaz quvurlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilmoqda. 7-dekabr kuni suv taʼminoti tizimi xodimlari avariya holatini bartaraf etish jarayonida traktor orqali gaz quvurlariga shikast yetkazgan. Natijada gaz quvurlariga suv yigʻilgan va uchta koʻchada gaz bosimi pasayishi kuzatilgan. Ayni vaqtda “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali xodimlari tomonidan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

    Toshkent viloyati Piskent tumani “Oq tepa” MFYdagi gaz quvurlarida avariya holati kuzatilgan. Yuk avtomobili oʻrta bosimli gaz quvuriga shikast yetkazgan, natijada 70 ta xonadon vaqtincha gaz taʼminotidan uzilgan. “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari avariya oqibatlarini bartaraf etishdi.

    Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Boʻston” va “Uzumzor” MFYlaridan oʻtuvchi oʻrta bosimli gaz quvurida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borildi. “Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari toʻrt soat ichida muammoni bartaraf etishdi va isteʼmolchilar uchun gaz taʼminotini qayta tiklashdi.

    Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ham avariya holati bartaraf etildi. “Tezguzar”, “Boboxaydar”, “Pashmon”, “Mirzoqul”, “Zarchabek”, “Kalmakon”, “Shodlik”, “Savrak”, “Bobur” va “Xoʻja Orif” MFYlarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi yer osti gaz quvurida gaz sizib chiqishi holati aniqlandi. “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari nosozlikni bartaraf etishdi. Gaz taʼminoti qayta tiklandi.

    Shunga oʻxshash holat Buxoro viloyatining Jondor tumanida ham sodir boʻldi. “Puloti” MFYdan oʻtuvchi oʻrta bosimli gaz quvuriga traktor tomonidan shikast yetkazilgani natijasida 350 ta isteʼmolchi vaqtincha gaz taʼminotidan uzilib qolgan. Ayni vaqtda avariya holatini bartaraf etish jarayonlari yakunlangan.

    Noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay isteʼmolchilarning gaz taʼminotini yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur davrda alohida mahalla va xonadonlarda gaz yetishmovchiligini oldini olish maqsadida, “Hududgaztaʼminot” AJ fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini oʻchirishni soʻraydi.

    Fursatdan foydalanib, “Hududgaztaʼminot” AJ tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirish zarurligini eslatib oʻtadi. Toʻlovlarni tuman gaz taʼminoti boʻlimlari va bank filiallarida, shuningdek, barcha toʻlov tizimlarining mobil ilovalari orqali 24/7 rejimida amalga oshirish mumkin.

    “Hududgaztaʼminot” AJ tizimi mutaxassislari barcha takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni 1104 telefon raqami orqali, gaz sizib chiqishi holatlari, favqulodda vaziyatlarni va boshqa texnik muammolarni bartaraf etish boʻyicha arizalarni 104 raqami orqali qabul qiladilar.