Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on shahar drama teatrida “Ayvon” spektaklining keng jamoatchilik ko'rigi bo'lib o'tdi. Otar Katamadze qalamiga mansub mazkur asarni Gruziya Respublikasidan taklif etilgan yosh mahoratli rejissyor Nino Maglakelidze sahnalashtirdi. Ko'rikda Madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Bahodir Ahmedov, vazirlik qoshidagi Badiiy kengash a'zolari va teatr mutaxassislari ishtirok etdi. Spektakl mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi va bir ovozdan qabul qilindi.
Bahodir Ahmedov spektakl haqida o'z fikrini bildirar ekan yangi uslub, yangicha yo'nalishda sahnalashtirilgan ushbu asar teatr aktyorlarini charxlab, kelgusida sahnalashtiriladigan spektakllardagi ijrolarida ham o'z samarasini berishini ta'kidladi. Ushbu spektakl` teatr mutaxassislari hamda ixlosmandlari uchun ham yaxshi yangilik bo'lgani haqida yozmoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.