“Maktablarda dzyudo” IJF loyihasi boʻlib, dasturning asosiy maqsadi 5-12 yoshli bolalarni dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarga oʻrgatishdan iborat. Ushbu maktablar IJF tomonidan taqdim etilgan tatami va kimonolar bilan taʼminlangan.

Xabar berganimizdek, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining maxsus ishchi guruhi ushbu dzyudo toʻgaraklarining bugungi faoliyati bilan tanishishni boshlagandi. Ilk manzil Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan dzyudo toʻgaragi boʻlgandi.

Kecha ishchi guruh aʼzolari Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan 6-umumtaʼlim maktabida boʻlib, u yerdagi dzyudo toʻgaragi bilan yaqindan tanishishdi. Faoliyat yurita boshlaganiga bir yil boʻlgan ushbu maktabda murabbiy Azamat Tursunqulov bolalarga dzyudo sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda. Hozirda bu maktabda 22 oʻgʻil bola va 2 nafar qizlar kuniga bir mahaldan mashgʻulot oʻtkazishyapti. Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi Hakamlar qoʻmitasi raisi Nagʻmonjon Mirzarahmonov murabbiyga esdalik sovgʻasi topshirdi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi oʻrtasida imzolangan Memorandumga binoan joriy 2021-yilda mamlakatimizning yana yigirmata umumtaʼlim maktabida “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha dzyudo toʻgaraklari tashkil etiladi.

Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati