Yana yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlar sotib olinadi

    Transport 19 May 2022 1256

    Shu kunlarda Ispaniya davlatining Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi boshqaruvi raisi Gonsalo Urkixo Fernandes de Araos boshchiligidagi delegatsiyasining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi v. b. X.N.Hasilov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda koʻp yillik hamkorlikni hamda ikki tomonlama samarali munosabatlarning yanada rivojlanishi borasidagi qator masalalar muhokama qilindi. Jumladan, yurtimizda yoʻlovchi poyezd qatnovlari rivojlanishi va yangi temir yoʻl liniyalarini elektrlashtirish (Buxoro – Urganch – Xiva) bilan bogʻliq istiqbolli rejalar, xususan yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poyezdlarni sotib olish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar ushbu masala yuzasidan batafsil ishlash (shartnomani imzolash va boshqalar) yaqin kelajakda amalga oshirilishiga kelishib oldilar.

    Shuningdek, tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistondagi Patentes Talgo S.L.U. vakolatxonasi rahbari Antonio Martinez bilan birgalikda “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlariga servis xizmati koʻrsatish markaziga tashrif buyurdi. Mehmonlar harakat tarkiblariga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, poyezdlarning harakatini onlayn monitoringini olib borish va xodimlarning ish sharoitlari bilan tanishdilar. Uchrashuv doirasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarga texnik xizmat koʻrsatish masalalari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.