Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Yandex.Go taksi xizmati boʻyicha tanqidiy post eʼlon qildi. Blogerning taʼkidlashicha, xizmat Oʻzbekistonda rasmiy soliq rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtmagan.
Soliq qoʻmitasi xizmat haqida eʼlon qilingan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, xizmat bloklanishi mumkinligini maʼlum qildi.
Joriy yilning sentyabr oyida Ridetech International B.V. kompaniyasiga ikki oy muddatda oʻz faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish boʻyicha quyidagi talablar qoʻyilgan:
- Faoliyatni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtish va belgilangan soliqlarni toʻlash;
- Soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni taʼminlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etish.
2023-yil 1-dekabrga qadar yuqoridagi talablar bajarilmagan taqdirda, Soliq qoʻmitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga “Yandex.Go” kompaniyasining Oʻzbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron Platformadan foydalanishni bloklash boʻyicha rasmiy murojaat qilishini maʼlum qiladi.