“Yangi Angren” IESda yuz bergan chaqnash yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

    Energetika 21 Yanvar 2021 1422

    Energetika vazirligi Axborot xizmati “Yangi Angren” IESda yuz bergan chaqnash yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, 2021-yil 20-yanvar kuni soat taxminan 11:42 da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining qozon agregatida koʻmir-kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan.

    19-yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining 5-son energobloki qozon agregatidagi nuqson tufayli taʼmirga chiqarilgan. Elektr stansiya 560 MVt quvvat bilan ishlagan. 4 ta energoblok ishda, bitta energoblok zahirada boʻlgan.

    20-yanvar kuni “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJ va “Energoqozontozalash” MCHJning taʼmirlash ishalarini bajaradigan pudrat tashkilotlari ishni xavfsiz bajarish uchun yoʻriqnoma oʻtkazilib ishga qoʻyilgan.

    Energoblok qozon agregatida taʼmir ishlarini bajarish vaqtida koʻmir-kukuni havo aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan. Natijada “Vostokenergoteploizolyatsiya” AJning 3 nafar xodimi olingan jarohatlar natijasida vafot etgan, “Energoqozontozalash” MCHJning 3 nafar xodimi turli darajadagi kuyish jarohatlari olishgan. Ayni paytda ular shifoxonada shifokorlar nazorati ostida, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan Energetika vazirligi rahbariyati, Favqulotda vaziyatlar vazirligi va boshqa tegishli idora vakillari Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasiga zudlik bilan yetib borishgan.

    Hozirda tegishli tergov organ xodimlari tomonidan xodisaning asosiy sabablari oʻrganilmoqda. Xodisa sabablari toʻgʻrisida rasmiy maʼlumotlar batafsil beriladi.

    Pudrat tashkilotlari va kasaba uyushma qoʻmitalari rahbariyati tomonidan vafot etganlar hamda jarohat olganlarning oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda arxiv xarakteridagi videolar tarqatilgan boʻlib, bu bugungi voqealarga aloqador emasligini bildiramiz.