Bu koʻzda tutilgan hukumat qarori loyihasi 19-martgacha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Qaror loyihasiga koʻra, 2024-yil 1-iyulgacha farzand tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish boʻyicha davlat xizmati va elektron platforma toʻlaqonli yoʻlga qoʻyiladi.
Kadastr agentligi tuman (shahar) hokimliklari bilan har yili 1-noyabrga qadar hududlarda “yashil bogʻlar”, “yashil jamoat parklari” va “Yangi avlod bogʻlari” barpo qilish mumkin boʻlgan tuman (shahar) hokimliklari balansidagi boʻsh turgan yerlar roʻyxati, maydoni va manzili haqida maʼlumotlarni toʻplaydi, GIS elektron xaritasini tayyorlaydi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taqdim etish tizimi yaratiladi.
Har yili 1-dekabrga qadar har bir tuman (shahar)larda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yoʻli bilan, jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bogʻim” loyihalari doirasida aholi tashabbusi bilan “yashil bogʻ” va “yashil jamoat parklari”ni barpo qilish uchun hamda bola tugʻilganida guvohnoma olishda uning nomiga tamgʻalangan holda daraxt koʻchatlarini ekish orqali “Yangi avlod bogʻlari”ni barpo qilishga yer maydonlari ajratiladi.
Farzand tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olishda daraxt ekish uchun buyurtma berish uning nomiga tamgʻalangan holda daraxt koʻchatlarini ekib “Yangi avlod bogʻlari”ni barpo qilish maqsadida tugʻilgan bolaning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ixtiyoriy ravishda “Yashil toʻlov” elektron platformasi orqali yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali toʻlovni amalga oshirgan holda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali buyurtma beriladi.
Toʻlovlar miqdori buyurtma beruvchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda belgilanadi.
Buyurtma beruvchilar “Yashil toʻlov” yoki boshqa turdagi onlayn elektron platformasi orqali toʻlangan mablagʻlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligida tashkil etilgan “Yashil xayriya jamgʻarmasi” hisob raqamiga jamgʻariladi.
Qaror loyihasida qayd etilishicha, yuqoridagilarni yoʻlga qoʻyish orqali “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish tadbirlarini milliy anʼana va qadriyat darajasiga koʻtarishga erishiladi. Xonadonda farzand tugʻilganda uning nomiga tamgʻalangan daraxt koʻchatlari ekilib, har bir tuman (shahar)larda “Yangi avlod bogʻlari” barpo qilish mexanizmi yaratiladi. Shuningdek, Respublika yashillik darajasi oshirilib, qulay ekologik muhit yaratiladi.